“Ma’rifat” bilimdoni” tanlovini navbatdagi g‘olibi aniqlandi
Qadrli mushtariylar! “Ma’rifat” bilimdoni” tanloviga kundan kun qiziqishingiz ortib borayotganidan xursandmiz! Siz uchun bir-biridan qiziqarli savollarni e’lon qilishda davom etamiz.
Turli tushunmovchiliklarning oldini olish, mushtariylar yashayotgan hudud masofalarining turlicha ekanini hisobga olib, savollar gazetamizda chop etilgandan so‘ng www.marifat.uz sayti hamda @marifatmushtariylari telegram guruhida ham e’lon qilinmoqda. Javoblar esa info@marifat.uz elektron pochtasida hamda @Charos_Burxon telegram manzili orqali qabul qilinmoqda.
May oyida berilgan savollarning javobi bilan tanishing:
1. Mario Pyuzo “Cho‘qintirgan ota yoxud mafiya sardori” asarida do‘stlik har qanday iqtidor va hokimiyatdan ustun turishini, faqat oiladan biroz pastda ekanini aytadi.
Javob: do‘stlik.
2. Skripkachilar quloq (aynan chap quloq) og‘rig‘idan tez-tez shikoyat qilishadi.
3. Alla, jonim, o‘dag‘a,
O‘zim bo‘lay sadag‘a.
Ushbu parchadagi “o‘dag‘a” so‘zi “bek bolam” ma’nosini anglatib kelmoqda.
Savollarimizga birinchi va to‘g‘ri javob yo‘llagan ishtirokchimiz — Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi 24-maktab o‘qituvchisi Gulnora Qurbonova!
G‘olibimizga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Adolat yo‘li”, “O‘zbek adiblari”, “O‘zbek-qozoq adabiy aloqalari”, “Titroq” nomli badiiy kitoblar taqdim etiladi.
Shuningdek, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi Lobar Yoqubova, Bog‘ot tumanidagi 25-maktab o‘qituvchisi Maftuna Abdullayeva, Xatirchi tumanidagi 53-maktab o‘qituvchisi Mohira Eshpo‘latova, Pitnak shahridagi 9-maktab o‘qituvchilari Yulduz Ibrohimova, Shahnoza Avazova, Shohsanam Bozorova, Dilshodbek Sharipov ham barcha savollarga to‘g‘ri javob yo‘llashgan. Dildora Orziqulova, Kamola Soliyeva, Mirolim Habibullayev, Guli Olloquliyeva, Azizbek Nasriddinov, Akmal Qarshiboyev ikkitadan savolga to‘g‘ri javob yo‘llagan. Faol ishtirok etgan barcha qatnashchilarga minnatdorlik bildiramiz!
Iyun oyi savollari bilan tanishing:
1. U tabiatning buyuk hodisasi hisoblanadi. Hech bir kompaniya yoki tashkilot uni yasay olmaydi. Tabiat uni o‘ta chiroyli ranglarga boy qilib yaratgan. Oq, ko‘k, hatto qora ranglilari ham uchraydi. Tabiatda uchraydigan bu katta va chiroyli narsa nima?
2. U davlatni dengiz qirg‘og‘idan tomosha qilsangiz, osmon bilan yer tutashgan joy qorayib ko‘rinadi. Shu sababli ushbu Yevropa davlatining bayrog‘ida qora rang mavjud. U qaysi davlat?
3. Xalqimizda azaldan beshik tabarruk hisoblanadi. Bolaga ko‘z tegmasligi uchun beshikka turli ko‘zmunchoqlar, har xil o‘yinchoqlar ilib qo‘yishadi. Ayrim joylarda chaqaloqlar yotgan beshiklarga bir belgi qo‘yiladi. Bu qanday belgi va u nimani anglatadi?