Paxtachida zamonaviy kutubxona
Prezidentimiz joriy yil 11-yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida har bir tumanda kutubxonalar tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash hamda 5 ta muhim tashabbusni tumanda keng joriy etish maqsadida 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Paxtachi tumanida hozircha 11 ming kitob fondiga ega Xalq kutubxonasi va Intellektual innovatsion o‘quv markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markazda bilimga chanqoq yoshlar uchun ko‘plab qulayliklar mavjud. O‘quv markazida ingliz tili to‘garagi tashkil etilgan bo‘lib, unda 24 nafar kam ta’minlangan oila farzandiga bepul ta’lim berish ko‘zda tutilgan. 6 oylik ingliz tili o‘quv kursini tamomlagan yoshlar bemalol so‘zlasha oladi.
— Kutubxona fondini 30-iyun — Yoshlar kunigacha 20 000 taga yetkazish imkoniyatimiz bor, — deydi Xalq deputatlari tuman kengashi deputati Abdumajid Husanov. — Yil oxirigacha esa 30 000 taga yetkazamiz. Internet tarmog‘i orqali respublikamizning markaziy kutubxonalari elektron fondidan foydalanish imkoniyati mavjudligi paxtachilik yoshlar uchun yaratilgan qulayliklardan biri.
Jamolbek SALOMOV
Samarqand viloyati