Shunday maqolalarni ko‘proq bering!
“Ma’rifat” gazetasining har bir sonini kuzatib boraman. Gazeta kelishi bilan o‘quvchilarimga ibratli maqolalarni o‘qib berib, ularning fikri bilan qiziqaman. Sevimli nashrimning shu yil 13-mart sonidagi “Choh qazigan kimlar?” nomli maqolani odatdagidek o‘quvchilarimga o‘qib berdim.
Darsim tushdan keyin bo‘ladi. Oxirgi darsimiz tugagandan so‘ng maqolani o‘qib berayotgan edim, birdan osmonni qora bulut qopladi. Bolalar yomg‘irda qolmasin, deb hikoyaning davomi bilan tanishishni ertaga qoldirdik. Bolalarning maqoladagi jabridiyda Hakimaga juda rahmi kelib, “U yog‘i nima bo‘ldi ekan-a?”, deb hikoyaning davomiga juda qiziqdi. Tanaffus bo‘lishi bilan uyiga oshiqadigan o‘quvchilarimning ham “Ustoz bahor yomg‘iri-ku, hozir o‘tib ketadi, qolganini eshitib keta qolaylik, iltimos”, deya ketgilari kelmadi. O‘quvchilarim qalbida yaxshilik, to‘g‘rilik, birovga ozor bermaslik, poklik kabi fazilatlar borligidan juda ham xursand bo‘ldim.
Ertasi kuni ham o‘quvchilarimning xayolida kechagi voqealar turgan ekan. “Ustoz, gazetani uyingizda qoldirib kelmadingizmi, bugun o‘qib berasiz-a?!”, deb har zamonda yodimga solib turishidan yanada xursand bo‘ldim.
Lolaning keyingi qadamlarini kuzatib, bahs-munozaraga kirishdik. Bolalardan maqola qahramonining nopok yo‘lga kirishiga, oxir-oqibat sudning qora kursisiga o‘tirishiga kimlar aybdor deb o‘ylashlari haqida so‘radim. O‘quvchilarim chug‘urlashib ketishdi. Navbat bilan hamma o‘z fikrini bayon qila boshladi.
Durdona “Sabinaning buvisi kelinini to‘xtatib qolmaganda, balki sir oshkor bo‘lib, Lola qaytib bunday ishlarga qo‘l urmasmidi?!”, desa, Nozimjon “Lolaning onasi aybdor”, deya o‘z fikrini davom ettirdi: “Qizining tarafini olmaganda, balki o‘zlari ham boshqa mahallaga ko‘chib ketishmasdi”.
Ruxshona esa qo‘shni ayolni aybdor qildi. “Ko‘rib qolgan o‘sha ayol Lolaning onasini bu voqeadan xabardor qilsa, to‘g‘ri tushuntirsa, balki onasi Lolaga yonbosmasmidi?!” dedi u.
Bolalar maqolaning oxirgi “O‘zingdan qochib bo‘lmas...” qismini ham qiziqish bilan tinglashdi. Ular Lolaning hayotini rivoyatdagi aka-ukaning ukasi izidan borishini, qing‘irliklaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishini chin dildan istadi.
Gazeta ijodkorlari, ana shunday tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan maqolalardan tez-tez chop etib turing. O‘quvchilarim bilan birga o‘qib boramiz. Zero, bundan o‘quvchilar o‘zlariga kerakli xulosalarni chiqarib olishadi!
Salom bilan Dilnoza RO‘ZIMUROD qizi