Sharoit bir xil, natija esa...
Sevinch Tohirova Jizzax shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazi tasviriy san’at to‘garagi a’zosi. To‘garak rahbari Akmal Jo‘rayev yordamida rasm chizish sirlarini o‘rganmoqda. U yaratgan bahor, qishloq, bolalik mavzusidagi rasmlar ko‘pchilikka ma’qul kelmoqda. Sevinch qalam va rangtasvir, guash, moybo‘yoq, akvarel yordamida qog‘oz va matoga rasm chizishni mukammal o‘rganib olgan. U “Illatlarga qarshi birgalikda kurashaylik!” mavzusidagi rasmlar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tasviriy san’at to‘garagiga a’zo o‘quvchilar safi kengayib borayotgani bejiz emas. Akmal Jo‘rayev ko‘p yillardan buyon o‘z tajribasini shogirdlariga qunt bilan o‘rgatib kelmoqda. Hozir 2 ta guruhda 20 nafar o‘quvchi mashg‘ulotlarda faol ishtirok etmoqda. To‘garakka a’zo bo‘lish istagidagi o‘quvchilar safi esa kun sayin ko‘paymoqda.
Shahar bolalar markazida texnik ijodkorlik, ekologiya va o‘lkashunoslik hamda badiiy ijodiyot yo‘nalishlarida jami 29 ta to‘garak mavjud bo‘lib, 1260 nafardan ortiq o‘quvchi fan bo‘yicha va kasbiy mahoratini oshirmoqda.
Texnik ijodkorlik yo‘nalishida kompyuter saboqlari, dizayn grafikasi, robototexnika, yosh arxitektor to‘garaklari mavjud. Unga a’zo o‘quvchilar turli tanlovlarda ishtirok etmoqda. Azizjon O‘rinboyev o‘zi yaratgan avtomodellari bilan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida 1-o‘rinni egalladi.
Markazda ingliz va rus tili, raqs, to‘qish, yosh doirachilar to‘garaklari ham kun sayin qiziquvchan o‘quvchilar hisobiga boyimoqda. Barno Isayeva, Shahnoza Sulaymonova, Nodira Hoshimova, Nargiza Ravshanova, Dilorom Hazratqulova kabi tajribali murabbiylar tayyorlayotgan o‘quvchilar o‘z yo‘nalishlarida iste’dod va mahoratlarini namoyon etishmoqda.
Yoz mavsumida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining o‘rni katta. Shu bois ham mazkur markazda farzandlarining turli to‘garaklarda ishtirok etishlarini istayotgan ota-onalar safi kengaymoqda. Odina To‘ychiyeva qizi Sabinabonu Qodirovani biryo‘la raqs gimnastikasi hamda munchoqli bezak to‘qish to‘garagida kasb o‘rganishini istab, olib kelibdi. Markaz direktori Xolida Hasanovaning ta’kidlashicha, jamoada mehnat qilayotgan 16 nafar oliy ma’lumotli hamda 29 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli to‘garak rahbarlarining barchasi o‘z kasbining ustasi, fidoyi murabbiylardir. Shu bois yoz mavsumida to‘garakka a’zo bo‘layotgan o‘quvchilar safi yanada ko‘paymoqda.
Jizzax viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi ishi bilan ham tanishdik. Markaz qoshida bor-yo‘g‘i 10 ta to‘garak tashkil etilgan. Mehribonlik uyi o‘quvchilari shahardan tashqaridagi dam olish oromgohiga ketgani sababli ularning ham 4 tasi faoliyatini to‘xtatgan. To‘garak a’zolari 200 nafar, xolos. Shahar “Barkamol avlod” bolalar markazi bilan taqqoslaganda oradagi farq yaqqol ko‘zga tashlanadi.
To‘g‘ri, hozir mavjud bo‘lgan ayrim to‘garaklarda mashg‘ulot o‘tkazilyapti. Masalan, pazandachilik to‘garagida 10 nafar a’zo bor. Ular shirinliklar tayyorlash bo‘yicha ko‘nikma malakalarni o‘zlashtirmoqda. To‘garak rahbari Sanobar Boboxo‘jayevaning ish boshlaganiga endi 10 kun bo‘libdi. Shu bois ham uning ish rejasi va boshqa hujjatlarida kamchiliklar ko‘p. To‘qish to‘garagida ham 10 nafar a’zo bor. O‘quvchilar bolalar va kattalar uchun qalin libos va paypoq, ko‘ylak, ro‘mol to‘qishni o‘rganmoqda. Bu yerda ham to‘garak rahbari Noila Oqilovaning ish boshlaganiga 1 oy bo‘lgan, xolos.
Ko‘rinib turibdiki, markazda kadrlar salohiyati, bilimi va ish tajribasi masalasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Kutubxonadagi ahvol ham ko‘ngildagidek emas, bolalarbop kitoblar kam. 2019-yilgi obuna ro‘yxatini kuzatganimizda “Tong yulduzi”, “Gulxan”, “G‘uncha” gazeta-jurnallariga obuna rasmiylashtirilmaganini ko‘rdik. O‘quvchilar o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan va tengdoshlari hayotini aks ettiruvchi bu kabi gazeta va jurnallarni qayerdan topib o‘qiydi? Kutubxona va o‘quv xonasiga o‘quvchilar kam kelayotganining boisi ham shunda bo‘lsa, ajabmas.
Shahar va viloyat “Barkamol avlod” bolalar muassasalari viloyat markazida joylashgan. Bir so‘z bilan aytganda, sharoit bir xil, lekin natija turlicha. Viloyat “Barkamol avlod” markazlari mutasaddilari bolalar qamrovini oshirish borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishlari zarur.
Abdusattor SODIQOV