Qaysi maktabning kitobxoni ko‘p?
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusni amalga oshirish va bu orqali ijobiy natijaga erishish bugungi o‘qituvchining birlamchi maqsadiga aylandi.
Xalq ta’limi vazirligi va Respublika bolalar kutubxonasi hamkorligida tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi” ko‘rik-tanlovi o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikning keng ommalashib borayotganini isbotladi. Ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan maktablar tanlov nizomidan kelib chiqib, dastlab hududiy bosqichlarda bellashgan edilar. Eng kuchli deb topilgan maktablar tanlovning respublika bosqichida qatnashdi.
Yashnobod tumanidagi 103-maktab-internatda bo‘lib o‘tgan yakuniy bosqichda mamlakatimizning 14 hududidan jami 84 nafar ishtirokchi qatnashdi. 4 shart bo‘yicha har bir jamoa o‘z ijodiy salohiyati, kitobxonlik darajasi, fikrlash doirasi, topqirligini namoyish etdi.
Noan’anaviy tarzda, milliy urf-odatlar, o‘zbekona lutfni tarannum etgan holda 1-shartda kitobxonlar o‘zlarini tanishtirdilar. 2-shartda ularning bilimlari, o‘qigan badiiy asarlari borasidagi fikr-mulohazalari savol-javob tariqasida sinovdan o‘tkazildi. 3-shart maktab yoshlar yetakchilari tomonidan olib borilayotgan ishlar taqdimotiga bag‘ishlandi. Bunda yoshlar yetakchilarining o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasidagi samarali tajribalari namoyish etildi. Tanlovning 4-bosqichi ishtirokchilarning ijodiy qobiliyatini sinovdan o‘tkazish bilan birga, barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Sahnada jonli kuy-qo‘shiq ijrosi, aktyorlik mahoratining namoyish etilishi kitobga oshno bu yoshlarning nafaqat adabiyotga, balki san’atga ham qiziqishi baland ekanini ko‘rsatdi.
— Namangan viloyatidagi 600 dan ziyod maktab sha’nini himoya qilgani keldik, — deydi Uychi tumanidagi 12-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Zamiraxon Umarova. — Maktabimizda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, badiiy adabiyotga nisbatan mehr uyg‘otish maqsadida ko‘plab ishlarni amalga oshiryapmiz. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan 5 yillik hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Uning natijasida o‘quvchilarimiz ko‘plab adabiy kechalar, professor-o‘qituvchilar ishtirokidagi darslarda qatnashmoqda. Bundan tashqari, maktabimizda 2 yil muqaddam dramatik truppa tashkil etdik. Bu truppada 20 dan ortiq badiiy asar o‘quvchilar tomonidan sahnalashtirildi. Mana shu sahna asarlari tuman markazidagi madaniyat saroyida ta’til davomida keng xalq ommasiga o‘quvchilar tomonidan taqdim etildi. Ushbu dramatik truppa hozirda 40 ga yaqin o‘quvchini qamrab olgan. Bunda ishtirok etayotgan o‘g‘il-qizlar badiiy asarni sahnalashtirishdan oldin diqqat bilan o‘qib chiqishadi. Mushohada etib, so‘ng sahnalashtirishga kirishadilar. O‘quvchi sahnada asar qahramonlarining dardini, holatini yanada chuqurroq his etadi va bu asar, undagi g‘oya o‘quvchi xotirasidan chuqur joy egallaydi. Bu orqali ko‘plab o‘quvchilarimiz badiiy adabiyot o‘qishga kirishdi. Ushbu tajriba o‘z natijasini berib, o‘tgan yili o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida o‘quvchimiz 3-o‘rin sohibi bo‘ldi. O‘quvchilarimning o‘zaro o‘tirib asardagi voqealarni, qahramonlar obrazini muhokama etishlari menga zavq bag‘ishlaydi. Bu tajriba ustida yanada ko‘proq ishlagim keladi.
Tanlov natijasiga ko‘ra, 1-o‘rinni Romitan tumanidagi 7-maktab jamoasi egalladi. 2-o‘ringa Sharof Rashidov tumanidagi 14-maktab, 3-o‘ringa Muzrabot tumanidagi 5-maktab jamoalari munosib deb topildi. G‘olib maktab jamoalariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tanlovda faol ishtirok etgan o‘quvchi va o‘qituvchilar turli nominatsiyalar bilan taqdirlandilar.
Zilola MADATOVA
“Ma’rifat” muxbiri