“Yosh kitobxonlar” aniqlandi
Bugun aksariyat bolajonlarimizning kitob o‘qishga ishtiyoqi ortib borayotgani quvonarli. Kitob do‘konlarida kattalar qo‘lidan tutib, kitob tanlayotgan kichkintoylarni ko‘rsam, ich-ichimdan ana shunday manzaraning ko‘proq guvohi bo‘lishni istayman. Ayniqsa, poyoniga yetayotgan yozgi ta’til kitobsevar bolajonlar uchun ayni muddao bo‘ldi, desam yanglishmayman.
Ko‘p asarlarni o‘qishga, undagi qahramonlar kechinmalarini anglashga ko‘proq imkoniyat bor, degani bu. Poytaxtdagi G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘ida ana shunday kitob ixlosmandlari jam bo‘ldi.
Xalq ta’limi vazirligi, Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan kitobxonlikni targ‘ib qilish orqali o‘quvchilarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash malakalarini shakllantirish, ma’naviy tahdidlarga nisbatan sog‘lom immunitetni rivojlantirish maqsadida “Yosh kitobxonlar” ko‘rik-tanlovi tashkil etilgan edi. Ushbu ko‘rik-tanlov respublikamizdagi 10 mingga yaqin maktablarni qamrab olgan holda o‘tkazildi. Ishtirokchilar tanlov nizomidan kelib chiqqan holda ikkita shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Eng kuchli deb topilganlar tanlovning respublika bosqichiga qatnashish uchun tavsiya etildi. Ko‘rik-tanlovning final bosqichida respublikamizning 14 hududidan jami 56 nafar ishtirokchi qatnashdi. Tanlov qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ishtirokchilar g‘olib bo‘lish uchun o‘zlarining bor ijodiy salohiyatlarini namoyish etib, eng kuchli jihatlarini ko‘rsatishga harakat qildilar.
— Odam jismonan baquvvat, bilimli, har ishda chaqqon, epchil bo‘lishi mumkin. Ammo oqko‘ngil, iymon-e’tiqodli, insonparvar, yurtparvar bo‘lmasa, hayotda o‘zidan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirolmaydi. Adabiyot va san’at bolaning ana shunday go‘zal tuyg‘ular, fazilatlar sohibi bo‘lib ulg‘ayishida muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Respublika bolalar kutubxonasi mutaxassisi Ulug‘bek Yodgorov.
Tanlov yakunida hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra eng yuqori ball olgan kitobxon o‘quvchilar aniqlab olindi:
1-o‘rin — Namangan viloyatining “Yosh kitobsevarlar” jamoasi;
2-o‘rin — Toshkent shahrining “Bilimdonlar” jamoasi;
3-o‘rin — Samarqand viloyati jamoasi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatining “Baxtli bolalik” jamoasi “Eng zukko kitobxon jamoa”, Xorazm viloyatining “Iftixor” jamoasi “Eng yaxshi teatr-sahna ko‘rinishini ochib bergan jamoa” nominatsiyalari bilan taqdirlandi.
Tashkiliy qo‘mita tomonidan g‘olib deb topilgan ishtirokchilarga maxsus diplom, ko‘rik-tanlov logotipi tushirilgan statuetka hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Qolgan barcha ishtirokchilar Xalq ta’limi vazirligining “Ko‘rik-tanlovning faol ishtirokchisi” diplomi bilan taqdirlandilar.
Nazokat XOLMETOVA