Xorazmda “Ma’naviyat festivali” o‘tkazildi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan joriy yilning 21-22-avgust kunlari Xorazm viloyatida “Ma’naviyat festivali” bo‘lib o‘tdi. Festival doirasida Matmurod devonbegi tarixiy obidasida “Ma’rifat tur” loyihasi taqdimot marosimi o‘tkazildi.
Bu loyihadan asosiy maqsad, xalqimiz madaniy merosining o‘ziga xos xususiyatlari, ma’rifiy ahamiyatini yoritish bilan bir qatorda, aholi o‘rtasida ichki turizmni rivojlantirish, zamonaviy texnologik vositalardan samarali foydalangan holda tarixiy obidalar haqida ma’lumot berib, targ‘ibot-tashviqotini kuchaytirishdir. Tadbirdan so‘ng ishtirokchilar uchun Xiva shahrida joylashgan “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasiga sayohat uyushtirildi. 22-avgust kuni Xorazm viloyati Ma’mun akademiyasida “Jamiyat taraqqiyotining asosi ma’rifatdir” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konfrensiyasi o‘tkazildi. Unda taniqli olim, professor va fan nomzodlari ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy mavzular yuzasidan ma’ruza qilishdi hamda ma’rifatli jamiyat qurish borasida o‘z nuqtai nazarlari bilan o‘rtoqlashishdi. Bundan tashqari Xorazm viloyatining shahar va tumanlarida joylashgan turli korxona va tashkilotlarda ham 40 dan ortiq ma’naviy-marifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Urganch shahri Xaratov nomidagi ixtisoslashgan musiqa maktabida “Alla” qo‘shig‘ini ijro etish bo‘yicha viloyat ko‘rik tanlovi o‘tkazildi. Tanlov ishtirokchilari alla qo‘shig‘ining tarixi, milliy urf-odatlarimiz haqida rivoyatlar aytib, sahna ko‘rinishlari namoyish etishdi.
Festival yakunida “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik tanlovi respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etib kelayotgan tashabbuskor targ‘ibotchilar “Ma’rifat” targ‘ibotchilarga jamiyati tomonidan faxriy diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
Lobar Xayrullayeva