Dunyodagi eng katta akvabog‘larga sayohat
Jazirama yoz faslida chet elga sayohat qiluvchilarning aksariyati miriqib dam olish uchun dengiz bo‘ylarini tanlaydi. Ammo mo‘tadil havo harorati, toza qumli sohil, palma daraxtlari-yu ekzotik o‘simliklardan bahra olish, suvning ba’zan sokin, ba’zan shiddatli shovullashini tinglash uchun faqat dengizga borish shart emas. TripMyDream sayti e’lon qilgan dunyodagi eng yorqin va noodatiy akvabog‘lardagi chinakam dengiz sohili va attraktsionli bog‘lar uyg‘unligi har qanday insonga bir olam zavq bag‘ishlashi shubhasiz.
“Ginnesning rekordlar kitobi”dan joy olgan dunyodagi eng katta akvabog‘ Yaponiyaning Kyus orolida joylashgan. “Okean gumbazi” deb ataluvchi bog‘ oroldagi 700 gektar hududni egallagan jahonga mashhur Sigay kurortining eng ko‘zga ko‘ringan qismi hisoblanadi. Bog‘ shu turdagi inshootlarning eng ulkani bo‘lib, bir vaqtning o‘zida o‘n
minggacha odamni sig‘dira oladi.
Sun’iy osmon bilan o‘ralgan plyajni ko‘pchilik “Yerdagi jannat” deb ataydi. Haqiqatan, bu g‘aroyib maskanning go‘zalligini ta’riflashga til ojiz. Bu yer-ga keluvchilarning ham ruhan, ham jismonan dam olishi uchun barcha sharoit muhayyo. Plyaj bo‘ylab yotqizilgan toza oq qum, betakror sharshara hayratni yanada oshiradi. Sun’iy okean suvida hosil qilingan maxsus sun’iy to‘lqinlarda serfing ishqibozlari o‘zini xuddi dengizdagidek his etadi. Cho‘milish havzalarida istalgan yoshdagilar uchun bir-biridan qiziqarli suv attraksionlari mavjud.
Qizig‘i, bu g‘aroyib akvabog‘ faqat plyaj va suv attraksionlaridangina iborat emas. Bu yerda mehmonlar vaqtini yanada maroqli o‘tkazishi uchun restoran, diskoteka va kinoteatrlar mavjud. Xohlovchilar uchun tanani bo‘shashtiruvchi jakuzi va spa-basseynlar ham bor. Ayniqsa, oqshom payti bog‘ hududi haqiqiy ertaknamo maskanga aylanadi. Suv to‘lqinlari va chiroqlar yordamida namoyish etiladigan g‘aroyib shoular mehmonlarda unutilmas taassurot qoldiradi. Shundanmi, bu sehrli go‘sha kishilarni hamisha o‘ziga ohanrabodek chorlaydi. Bog‘ ma’muriyati ham doim sayyohlarni yangidan yangi g‘oyalari bilan lol qoldirishga odatlangan. Akvabog‘lar yordamida mamlakatga keluvchi sayyohlar sonini yanada ko‘paytirishni niyat qilgan yapon hukumati esa shunga o‘xshash joylarni boshqa orollarda ham barpo etishni rejalashtirgan.
Dubaydagi “Yovvoyi vodiy” akvabog‘i ham kattaligi jihatidan “Okean gumbazi”dan qolishmaydi. Bog‘ hududida barcha oila a’zolari uchun mo‘ljallangan 30 ta suv attraksioni mavjud. Bu yerdagi “Jumeirah Sceirah” attraksioni eng katta suv arg‘imchog‘i hisoblanadi. Ushbu haybatli arg‘imchoqning balandligi 32 metr, tezligi esa soatiga 80 km.ni tashkil etadi.
Bog‘ ko‘plab yirik loyihalari bilan mashhur. Bu yerda tez-tez o‘tkaziladigan ko‘ngilochar tomoshalar odamlarni sira zeriktirmaydi. Ayniqsa, akvabog‘dagi Amerika suv gorkasi va serfing-attraksionlar yozni yanada zavqli o‘tkazish istagidagilar uchun ayni muddao.
Ispaniyadagi “Siam Park” haqida ko‘pchilik eshitgan. Bu mashhur bog‘ni tashkil etishdan oldin uning asoschilari jahonning 50 dan ortiq suvli parklarida bo‘lib, so‘ng yakuniy xulosaga kelgan. Natijada eng sara g‘oyalar jamlanmasidan tashkil topgan bu maskan qisqa vaqtda dunyoning eng yaxshi akvabog‘lari qatoridan joy oldi. Ma’lum bo‘lishicha, bog‘ga tashrif buyuruvchilarning sevimli attraksioni “Singha” bo‘lib, uzunligi 24 metrni tashkil etadi. 28 metr balandlikdagi “Tower of Power” attraksioni esa deyarli tik qiyalikda joylashgan.
“Siam Park” ekzotika ishqibozlari uchun ham ajoyib maskandir. Ko‘pchilik u yerni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib hayratlanishni xush ko‘radi. Bog‘dagi qadimiy haykallar va yashillikka burkangan tabiat ham mehmonlarni befarq qoldirmaydi.
Malayziyadagi “Sunway Lagoon” akvaparki Janubi-g‘arbiy Osiyodagi eng katta ko‘ngilochar bog‘lardan biri hisoblanadi. 6 qismga ajratilgan bog‘ hududidan suvli akvabog‘, attraksionlar bog‘i, ekstrim-bog‘, dahshatlar bog‘i, yovvoyi tabiat bog‘i hamda bolalar bog‘i joy olgan. Bir so‘z bilan aytganda, istalgan yoshdagi kishi bu yerda o‘z ta’biga mos qiziqarli g‘aroyibotlarni topishi mumkin.
Ayniqsa, bog‘dagi aylanma va tik gorkalar, 3 metrli to‘lqinlardan iborat serfing-stansiya, attraksionli sun’iy suv havzasi, 6 ming tonnadan ziyod qum yotqizilgan katta plyaj kishilarning hayratini yanada oshiradi.
AQShdagi “Disney’s Typhoon Lagoon” akvabog‘i xushmanzara tropik ko‘rfazi va po‘rtanasi bilan mashhur. Bog‘ga shu qadar g‘aroyib bezak berilganki, inson bir ondayoq bu olam bag‘riga singib ketadi. Bu yerda har bir detal, hatto attraksionlar ham umumiy manzara — dengiz va sohil bo‘yi ko‘rinishini aks ettiradi. Bog‘ hududi bo‘ylab did bilan joylashtirilgan baliq ovlash uskunalari, serfing taxtalari, kema bo‘laklari-yu kichik yelkanli kemalar haqiqiy dengizni yodga soladi.
Akvabog‘dagi asosiy attraksion — “Mayday”ning balandligi besh qavatli uyning balandligiga teng. Zamonaviy tilda gorka deb ataluvchi attraksion sharshara va changalzorlar oralab tushib keladi. Shuningdek, bog‘dagi sun’iy suv havzasida 2 metrli to‘lqin uzra serfing uchish, akvalang kiyimida suzish va “Dangasa daryo” attraksionida uchib, bog‘ning bor go‘zalligini tomosha qilish mumkin.
Germaniya boshqa davlatlardan farqli, o‘zining akvabog‘lari bilan mashhur emas. Ammo Berlindan 70 km uzoqlikdagi “Tropical Islands” akvabog‘i bundan mustasno. Dirijabllar tayyorlovchi korxona tomonidan barpo etilgan Yevropadagi eng katta ko‘ngilochar bog‘ning asosiy jihati — ustki qismi yopiqligidir. Bu esa bog‘ga yilning istalgan vaqti va har qanday ob-havo sharoitida kelish imkonini beradi.
Tropik o‘rmon ko‘rinishidagi akvabog‘da haybatli attraksionlardan tortib, spa-markazlar, sauna, quyosh vannasi qabul qiladigan joylar, jakuzi, sun’iy plyaj, restoran va boshqalarni topish mumkin. Har kuni tashkil etiladigan kechki shou dasturlari esa mehmonlarga
unutilmas taassurotlarni tuhfa etadi. Ammo bu hali hammasi emas. Bog‘ hududida 25 ta kichik mehmonxona, kemping va peshayvonlar mavjud bo‘lib, mehmonlar tunni shu yerda o‘tkazib, tongda zavqli onlarni yana davom ettira oladilar.
Bog‘da Sharq bozorini ham uchratish mumkin. U sutkada 24 soat, dam olish kunlarisiz ishlaydi. Ammo akvabog‘ning eng nafis va yoqimli qismi — “Gullar dunyosi” deb ataluvchi tropik o‘rmon hisoblanadi. Bu yerda 50 mingdan ortiq noyob gul va o‘simliklar o‘sadi.
Orlando shahridagi “Disney’s Blizzard Beach” akvaparki ham dunyodagi eng go‘zal va katta maskanlardan sanaladi. U mashhur Disney kompaniyasining bog‘laridan biri bo‘lib, multfilmlardagi kabi ertaknamo ko‘rinishda yaratilgan. Bu yerda nafaqat bolalar, balki kattalar ham o‘zini ertaklar olamiga tushib qolgandek his etadi. Katta sun’iy suv havzalari va attraksionlar esa yozni maroqli o‘tkazish imkonini beradi.
Abu-Dabidagi “Yas Waterworld” akvabog‘ining 15 ta futbol maydoniga teng hududida mehmonlar uchun 43 ta attraksion xizmati taklif etiladi. Ularning har biri o‘zgacha, ammo bog‘dagi 5 ta attraksionning dunyoda o‘xshashi topilmaydi. Mashhur akvabog‘da dunyodagi birinchi gidromagnitli, 238 metr uzunlikdagi suv gorkasi o‘rnatilgan bo‘lib, u haqiqiy tornadoning o‘zginasi. Shuningdek, bog‘da qiziquvchilar sun’iy suv havzalaridagi 3 metrli to‘lqin uzra bodibord va floubordda o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishlari, 550 metrli suv gorkasida uchib, qo‘rquvlariga bas
kelishlari, suv to‘plaridan otish mashqlaridan zavqlanishlari va boshqa ko‘plab ekstremal holatlarni boshdan kechirishlari mumkin.
Indoneziyadagi “Waterbom Bali” akvabog‘i, ayniqsa, farzandlari bilan dam olishga chiqadigan oilalar orasida juda mashhur. Bog‘dagi 12 ta xilma-xil “kichik tog‘” ko‘rinishidagi attraksionlar kishida o‘zgacha taassurot uyg‘otadi. Bu yerda shunchaki dam olish va ekstremal holatlardan uzoqroq bo‘lish istagidagilar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Oftobda toblanish uchun maxsus o‘rindiqlar, favvorali sun’iy suv havzalari, voleybol to‘siqlari, uqalash salonlari, qahvaxona va do‘konlarning bari oilaviy hordiq chiqarish uchun ayni muddao.
AQShdagi “Noah’s Ark” akvaparki nafaqat hududining kattaligi, balki attraksionlar sonining ko‘pligi bilan mamlakatdagi eng katta bog‘ hisoblanadi. Bu yerni bir kunda aylanib chiqishning imkoni yo‘qligiga dam oluvchilarning o‘zi ham guvoh bo‘ladi.
Jahondagi eng uzun suv attraksioni ayni shu bog‘da joylashgan. “Qora anakonda” deb ataluvchi ushbu aql bovar qilmas attraksionning uzunligi 400 metr, suv oqadigan aylanasining chuqurligi esa 21 metrga teng. Ammo bu yerdagi “Vaqtlar tuynugi”, “Qora dovul”, “Bermud uchburchagi”, “Qaytmas nuqta” attraksionlari ham kishini vahimaga solishda “Qora anakonda”dan qolishmaydi. Sayyohlar odatda ushbu attraksionlarda uchgach, biroz o‘ziga kelib olish uchun uch o‘lchamli g‘aroyib suv osti kinoteatri hamda 3 metrli sun’iy to‘lqindan iborat 2 ta sun’iy suv havzasida yengil dam olishga chog‘lanadi.
Guanjoudagi “ChimeLong Water Park” ham Osiyodagi eng katta akvabog‘lardan biri bo‘lib, o‘z hududiga bir kunda 40 mingdan ortiq insonni sig‘diradi. 8 gektarli akvabog‘ hududida 8 ta suv attraksioni mavjud. Bu yerda uzunligi 5 km.lik dunyodagi eng uzun sun’iy daryoda suzib, bog‘ hududi, sharsharalar, sun’iy to‘lqinlar, muzli xona va boshqalarni yaqindan tomosha qilish mehmonlarning eng sevimli mashg‘uloti hisoblanadi. Odamlar suv bo‘ylab qayiqda suzib borarkan, yo‘lida uchragan istalgan attraksionlardan birida uchishi mumkin. Shuningdek, bu yerda ham ko‘plab attraksionlar, sharsharalar, to‘lqinli sun’iy suv havzalari va gorka-tornadolar uchraydi. Ammo boqqa faqat yilning issiq mavsumidagina kelish mumkin. Go‘zal maskan tashrif buyuruvchilar uchun o‘z eshiklarini apreldan to oktabr oyiga qadar ochadi.
Braziliyadagi “Beach Park” akvabog‘ida afsonaviy “Insano” attraksioni joylashgan. Tarjima qilganda “Telba” ma’nosini anglatuvchi ushbu attraksionda uchishga qaror qilish uchun chindan ham aqldan ozgan bo‘lish kerak. Nima uchun deysizmi? Chunki balandligi 41 metr bo‘lgan haybatli attraksion deyarli tik qiyalik tuzilishida o‘rnatilgan. Tezligi esa soatiga 105 km. Shunday ekan, bu attraksionda uchishdan ko‘ra, uni chetdan tomosha qilgan ma’qul. Zero, bog‘da undan tashqari ko‘plab qiziqarli va ekstremal suv attraksionlari mavjud bo‘lib, ularda ham vaqtni maroqli va unutilmas taassurotlarga boy tarzda o‘tkazish mumkin!
Iroda TOSHMATOVA