Oila tanazzulga uchramasin!
Oilada biror voqea ro‘y bersa, mahalla bexabar qolmasligi kerak, deymiz. Chunki eng avval yonimizda turadigan ham, dardimizga sherik bo‘ladigan ham mahalla.
Ammo ba’zan mahalla idorasidagi gap ertasiga butun qishloqda duv-duv gap bo‘lsa-chi? Xonadonga yangi kelin tushirgach, qaynona, eng avvalo, unga uydagi gapni ko‘chaga chiqarmang, deb bejiz tayinlamaydi. Lekin har doim ham bu qoidaga amal qilinmasligiga bugun yanada ko‘proq amin bo‘lyapmiz. Chunki bugun ijtimoiy tarmoqlar odamlarning nafaqat tilidagi, balki dilidagini ham ommaga oshkor qilmoqda.
Internet — oila ma’naviyatini yuksaltirishga, oila muhitini mustahkamlashga nechog‘lik hissa qo‘shmoqda? Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardan birida shunday bir fikrni o‘qib qoldim: “Qaynotam kunda ichib kelib janjal qiladi, qaynonam esa bezor bo‘lib qizlarinikiga ketib qolyapti. Turmush o‘rtog‘im kun bo‘yi ishda. Menga qanday maslahat berasizlar?” Ayollar guruhida hamma o‘zicha fikr bildiryapti. Kimdir ajrashing, desa, kimdir ichki ishlar bo‘limiga yozing, deydi.
Yana boshqasi ota-onangizga ayting, desa, yana birovi shifoxonada davolating, deydi. Foydali maslahat beruvchilardan ko‘ra, kelinchakni yo‘ldan uruvchilar ko‘pligi meni ajablantirdi. Shunda yoshi katta bir ayol yozdi: “Qizim, oilangiz sirini hammaga ochgandan ko‘ra, oila a’zolaringiz bilan yaxshilab gaplashib oling. Maslahatni yaqinlaringizdan so‘rang”. Ijtimoiy tarmoqda har xil yoshdagi, har xil dunyoqarashdagi kishilar, yosh qizlar, yangi kelinlar bor. Bir alamzada, hayotdan noliydigan insonning noto‘g‘ri fikrini ular to‘g‘ri qabul qilishi, bilib-bilmay hayotda amal qilishi mumkin-ku, axir. Bir oiladagi janjalni qancha kam odam bilsa, shuncha yaxshi. Ertaga ular yarashib, kelishib ketadi. Ammo sir hammaga yoyilgani qoladi. Oilaning mahalladagi obro‘yiga putur yetadi. Qolaversa, bunday voqeani targ‘ibot qilgandek bo‘lib qoladi. Bilgan ham, bilmagan ham o‘zicha gapirishni, o‘z oilasi bilan solishtirishni boshlaydi. Shu bois har
qanday oilaviy mojaro yoki kelishmovchilikni eng oldin o‘sha oilaning ichida hal qilish maqsadga muvofiq.
— Ko‘p qavatli uyda yashaymiz, — deydi Uchtepa tumanida yashovchi Nozima Boboyeva. — Bahorda to‘yi bo‘lgan kelinni onasi, akasi, ammasi yangi uyiga qaytarib olib kelgan, shekilli, kuyovnikiga kirishga xijolat bo‘lib turishgan ekan. Ancha payt turishgach, tinchlikmi, yordam kerakmasmi, deb so‘radim. Uch oylik kelinchakning uydagilari bilan janjali sababini eshitib, to‘g‘risi, Xudodan o‘g‘limga esli-hushli kelin so‘radim. Chunki yangi xonadonga moslashish davrida kelinchak ba’zi bir kelishmovchilik, qaynonasi yoki oila a’zolari bergan tanbehlardan norozi bo‘lib telegram ijtimoiy tarmog‘idagi dugonalariga “ko‘nglini ochgan”.
Ular orasida qaynonasining uzoqroq qarindoshi ham bor ekan. Guruhda muhokama qilingan gap-so‘zlar aylanib qaynonaning qulog‘iga yetib kelgan. Keyin janjal boshlangan. Menga chaqimchi kelinning keragi yo‘q, debdi qaynona. Rostdan ham, qiyin vaziyat. Ammo shu birgina xato deb yosh oilani buzib bo‘lmaydi-ku. Avvalo, yangi kelinga
uyali aloqa vositasini berish kerak emas. Bersa ham, hech qanday ijtimoiy tarmoqqa kirishiga ruxsat yo‘q. Uzatilayotgan qizlarga esa birovning xonadoniga kirib borar ekan ro‘zg‘ordagi sir-asrorni nafaqat ijtimoiy tarmoq, balki o‘z yaqinlariga ham gapirish to‘g‘ri emasligini o‘rgatishimiz kerak.
Ijtimoiy tarmoqda aytilgan gap yoki qo‘yilgan surat bir soniya o‘tar-o‘tmas ommanikiga aylanishi bugun hech kimni ajablantirmayapti. Shu bois nima yozayotganimiz, qanday surat qo‘yishimizga e’tiborli bo‘lishimiz shart.
Mahalla fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasiga ajrim masalasida ko‘proq yosh oilalar murojaat qiladi. Kimdir turmush o‘rtog‘i bilan ziddiyatga borgan, boshqa oilada qaynona-kelin kelishmovchiligi. Ammo arzimagan sabab bilan guldek oilani buzayotgan, murg‘ak go‘daklarni yetim qilayotgan er-xotinlarni qanday tushunish mumkin?
Uchtepa tumanidagi “Zargarlik” mahallasida 5 mingga yaqin kishi yashaydi. Mahalla oqsoqoli, yarashtirish komissiyasi raisi Abdulla Ubaydullayev oilaviy ajrimlar bo‘yicha murojaat qilganlar va ularning sabablari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Yil boshidan buyon yarashtirish komissiyasiga 6 ta ariza tushdi, — deydi mahalla faoli. — Ularni ro‘yxatga olgach, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish, oilani imkon qadar saqlab
qolish chora-tadbirlarini ko‘ramiz. Tuman imom-xatibi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimi, otinoyi, poliklinika shifokori, mahalla profilaktika inspektori va faollardan iborat komissiya a’zolari bilan ajrashish istagidagi er-xotinning murojaatini o‘rganib chiqamiz. Qabulimga er-xotin kirdi: “Xarakterimiz to‘g‘ri kelmadi”. Tabiiyki, bu oilani ajrashishga olib boradigan sabab emas. Uyiga borib, sharoitini o‘rgandik, qo‘ni-qo‘shnidan surishtirdik. Sezganimizdek, er oila ta’minotini o‘ylamaydi. Ro‘zg‘or aravasini tortish ayolning zimmasida. Sabr kosasi to‘lgan ayol boqibeg‘am er bilan yashagandan ko‘ra ajrashishni afzal ko‘rmoqda. Ularga keskin qaror qabul qilmaslik uchun muhlat belgilab, erini ishga joylashtirish tadorigini ko‘ryapmiz.
Oilaviy ajrimlar sababi turlicha bo‘lishi mumkin. Kuyovning chetga ishlash uchun ketganligi, kelinchakning oilada yolg‘iz qolishi, ba’zan oylab xabarsiz ketgan turmush o‘rtog‘idan najot bo‘lmagach, ro‘zg‘or aravasini o‘zi tortishga majbur bo‘lgani...
— Yoshlar nikohdan o‘tish uchun ariza bergach, tibbiy ko‘rik xulosasi bilan birga o‘zi yashaydigan mahalladan ham ma’lumotnoma olib borishi kerak, — deydi Abdulla Ubaydullayev. — Ma’lumotnomani biz shunchaki bermaymiz. Avvalo, yoshlarni yo‘llanma bilan tuman oila markaziga yuboramiz. U yerda imom-
xatib, otinoyi, psixolog, markaz xodimi ishtirokida suhbat o‘tkaziladi. Yigit-qizga baxtli oila qurish omillari tushuntirilib, uning muqaddasligini, mehr-oqibat va sadoqat oilaning asosiy ustuni ekanligini uqtiramiz. Suhbatdan o‘tib kelgan yoshlar va ularning ota-onasini chaqirib, to‘yni ixcham va kamchiqim o‘tkazishni, ortiqcha dabdaba va sarf-xarajatga yo‘l qo‘ymaslikni tushuntiramiz.
Xonqa tumanidagi Qoraqosh qishlog‘i “Mustaqillik” mahallasida yil boshidan beri birorta ajrim qayd qilingani yo‘q. Mahalla yarashtirish komissiyasi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ishchi guruhi tarkibi aholi soni va ish hajmiga qarab shakllantirilgan.
— Mahallamizda 5 075 nafar kishi yashaydi, — deydi yarashtirish komissiyasi raisi Ahmadjon Quronboyev. — 943 xonadonda 1 337 ta oila istiqomat qiladi. Yil boshidan buyon yarashtirish komissiyasiga qilingan murojaatlar soni 24 ta bo‘lib, birortasi ajrimgacha bormadi. Komissiya o‘z faoliyati to‘g‘risida har oy mahalla fuqarolar yig‘ini kengashida, yilning har choragida vakillar kengashi yig‘ilishida hisobot beradi. Komissiyaning namunali faoliyat yuritishida mahallamizda tashkil etilgan “Ibratli qaynota va qaynonalar” kengashi a’zolarining ham hissasi katta. Mahalla faxriylari hamisha maslahatgo‘y.
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan er-xotin munosabatlarini yaxshilashga doir yangi loyihaga qo‘l urildi. Parkent tumanida turmush qurish uchun ariza bergan yoshlardan 15 juftlik tanlab olinib, 16 soatlik mashg‘ulotga jalb etildi. Agar tajriba kutilgan samarani bersa, loyihani kelgusi yil yanvar oyidan boshlab respublikamizning barcha hududlarida joriy etish rejalashtirilmoqda.
— Oyning har shanbasi mashg‘ulot kuni, — deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Toshkent viloyati bo‘limi direktori Dilorom Mahamadaliyeva. — Birinchi dars yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga bag‘ishlandi. Keyingi mashg‘ulotlarda oila huquqi, iqtisodi, budjeti, ayol va erkakning vazifalari, vasiylik to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qilmoqda. Interaktiv muloqot yoshlarga manzur bo‘lmoqda. Tuman bosh imom-xatibi diniy mavzuda chiqish qildi. Poliklinika shifokori sog‘lom oila, reproduktiv salomatlik, bola tarbiyasi haqida ma’lumot bersa, psixolog bolani sog‘lom va barkamol rivojlantirishning amaliy jihatlaridan ko‘rsatma berdi. Psixologik trening yoshlarda bahs-munozara uyg‘otdi. Turli o‘yinlar, sahna ko‘rinishlari bo‘lg‘usi oila sohiblari didiga mos tushdi. Oxirgi darsda juftliklarga sertifikat topshirdik. To‘ydan keyin ham mashg‘ulotda qatnashgan yoshlarni ko‘rib, harakatimiz behuda ketmaganiga amin bo‘lyapmiz.
Kasallikni davolagandan ko‘ra, oldini olgan ma’qul. Demak, oila buzilgach yoki parokanda bo‘lish arafasida yoshlarga nasihat qilgandan ko‘ra, yigit-qizlarni hayotga munosib tayyorlashning yo‘rig‘i boshqa. Yoshlar oilaning, ota-onalikning mas’uliyatini, javobgarligini his qilib turmush qursa, ajrimlarga asos yo‘q. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talaba yigit-qizlarni ahil va totuv oila qurishga chorlash mutasaddi shaxslar zimmasida bo‘lishi kerak.
— Talabaga nafaqat ta’lim-tarbiya berish, balki oilaviy hayotga munosib tayyorlash ham pedagogning burchidir, — deydi O‘zMU xotin-qizlar qo‘mitasi raisi La’lixon Muhammadjonova. —
Keyingi besh yilda qizlar bilan birga parallel ravishda yigitlar bilan ham tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz. Chunki oila faqat ayoldan tarkib topmaydi. Oilaviy janjal ikki kishidan chiqadi. Shu bois bo‘lajak otani qat’iyatli, teran fikrli, o‘z oilasini himoya qiladigan yuksak ma’naviyatli shaxs etib tarbiyalash erkak kishining zimmasida bo‘lishi kerak.
Oila — er-xotindan tarkib topadigan sirli qo‘rg‘ondir. Illo, hech bir juftlik bir-biridan ayrilmasin. Ota-bobolarimiz ta’biri bilan aytganda, “Chumchuqning ham uyasi buzilmasin”.
Rayhona XO‘JAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri