Bola va televizor
Oiladan keyingi o‘rinda maktab tarbiyachi hisoblanadi. Intellektual salohiyatni rivojlantirish, intizomga o‘rgatish maktab muhiti zimmasida. O‘smirning maktabdan tashqari vaqtdagi hayoti qanday? “Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi”. Bo‘sh vaqtini to‘garakka yo‘naltirgan yoki aksincha soatlab televizor qarshisida o‘tirib, seriallar-u ko‘ngilochar dasturlarni tomosha qiladiganlar ham yo‘q emas.
Ish yuzasidan poytaxtga yo‘lim tushdi. Bir oila a’zolari hamrohim bo‘ldi. O‘smir yoshdagi farzandlarning suhbati e’tiborimni tortdi:
— Tezroq yetib borsak edi. “Chuqur” zo‘r joyiga kelib qolgandi!
— Vey, ”Chuqur”ingni qo‘y, Dip Aroxi deb o‘ylab Tarani otib qo‘ydi, endi buyog‘i “dahshat” bo‘ladi, —deya entikdi qiz.
Opa-ukalar serial tafsilotlari to‘g‘risida to‘lqinlanib so‘zlashadi. Yosh “serialshunos”lar suhbatiga oldingi o‘rindiqdagi ona qo‘shilib:
— Dadasi, shu seriallarning diski chiqqan bo‘lsa, olaylik! Qo‘shni xotinlarga oxiri qanday tugashini aytib maqtanaman, — dedi ruldagi eriga qarab.
Ensam qotdi. Ota-ona serialga mukkasidan ketsa, bolasidan nimani kutish mumkin?
Darhaqiqat, kattalar televizorni qudratli qurolga aylantirib olgan zamonda yoshlar nima qilishsin?
Ularning tajovuzkorligi, ko‘rganini amalda sinab ko‘rish ishtiyoqining ortishi ana shu illat ortidan kelib chiqmayaptimi? Televizorda shunday kadrlar namoyish etilyaptiki, bu jamiyat gultoji — oilaga xavf solmoqda. Behayolik, yaqinlariga nisbatan hurmatsizlik, azob chekayotgan kishilar, singan qo‘l-oyoq, qonli lavhalar va shunga o‘xshash manzaralari bo‘lmagan serial bormi? Tasvirdan ta’sirlangan o‘smir ko‘rganlarini hayotda qo‘llamoqda. Bola istagining cheki yo‘q. Televizor qutisida xuddi sigaret yorlig‘idagidek
ogohlantirish bo‘lishi lozim. Chunki televizorni uzoq vaqt tomosha qilish kashandalik kabi ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi.
Televideniye — ta’sirchan vosita. Serial tufayli barcha ijtimoiy qatlam vakillarining yasama obrazlari paydo bo‘ldi. Masalan, “ayol” deganda yuzini makiyaj qilib, allambalo kiyimni egniga ilganlar, “yoshlar” deganda tor jinsi shim, kepka, yelkasida sumka ilib olganlar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Bu “ommaviy madaniyat” unsurlaridan boshqa narsa emas. Teleekranda namoyish etiladigan ochiq-sochiq, behayo, tajovuzkor tasvirlar o‘smir hayotida turli muammolarning kelib chiqishiga turtki bo‘lmoqda. Bola ekrandagi zo‘ravonlik sahnalaridan ta’sirlanadi, albatta. Buning ta’siriga tushib qolgan farzandlarimiz dars tayyorlayotganda ham fikrini jamlay olmaydi. Ota-ona bilan birgalikda tomosha qilinadigan bunday filmlar bola his-tuyg‘usini zaharlaydi.
AQShliklarning “Peopledia” qomusida keltirilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 1000 nafar kishining televizordan voz kechishi so‘ralgan. Shundan 46 foizi million dollardan kam pul uchun televizordan voz kechmasligini, 25 foizi esa shuncha pul berilganida ham bunday qilmasligini aytgan. Kishilarning televizorga shu qadar qaramligi bolalikdan boshlansa kerak.
— Mutaxassislar televizorning zarari haqida har qancha ta’kidlamasin, dunyoni suv bossa ayrim ota-onalarning to‘pig‘iga chiqmaydi, — deydi Yoshlar ittifoqi Kitob tuman kengashi raisi Jasur Rasulov. — “Kamxarj enaga”ning ma’naviy zarari, televizor qarshisida o‘tkazilgan bekorchi vaqt haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Xorij seriallari voyaga yetmaganlarda film qahramonlariga taqlid tuyg‘usini shakllantirib qo‘ymoqda. Tarixiy koreys serialiga taqlid qilib, mahalla bolalari bir-birlarini tig‘li jism bilan jarohatlashgan. Ichkilikbozlik, ziyofat, shohona hayot yoshlardagi qanoat tuyg‘usini zaiflashtirib, shon-shuhratga qiziqishni oshirayotgani yanada achinarlidir.
Ammo televizor ko‘radigan hamma bola ham salbiy tomonga o‘zgaravermaydi. Agar bolaning yetarli darajada bilimi bo‘lib, haqiqiy hayot bilan sun’iy, ermak hayotning farqini tushunsa, tashvishlanishga o‘rin yo‘q.
Ota-onalar, pedagoglar shunday yo‘l tutishi kerakki, bola oila sharoitida televizion ko‘rsatuvlardan unumli foydalansin!
Komila OQQO‘ZIYEVA, Kitob tumanidagi 74-maktabning tarix fani o‘qituvchisi