24-sentabr kuni qanday voqealar sodir bo‘lgan?
Xo‘sh, ayni bugungi kundan yuz, ikki yuz, boringki, ming yil oldin qanday voqealar sodir bo‘lgan? Ushbu kun tarixini qay hodisalar boyitmoqda? Quyida O‘zbekiston tarixidagi sentabr so‘ngidagi ana shunday ma’lumotlar bilan tanishasiz.
1910-yil — O‘zbekiston xalq artisti Olim Xo‘jayev dunyoga keldi (vafoti — 1977-yil). U 2002-yilda (vafotidan so‘ng) «Buyuk xizmatlari uchun ordeni» bilan mukofotlangan.
1938-yil — Buxorodagi jadidchilik harakati namoyandasi Mukammil Burhonov otib tashlandi (tavalludi — 1875-yil). U 1920—1924-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) Adliya noziri, BXSRning RSFSR hukumati huzuridagi muxtor vakili lavozimlarida ishlagan.
1953-yil — G‘ijduvon kulolchilik maktabining yettinchi avlod vakili, O‘zbekiston xalq ustasi Alisher Nazrullayev tavallud topdi.
1994-yil — Xorazmda davlat arbobi va shoir Muhammad Rahimxon Feruz tavalludining 150 yilligi tantanalari boshlandi.
1998-yil — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Jaloliddin Manguberdining 800 yillik yubileyini nishonlash to‘g‘risida» qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti talabasi Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi.