«Fazilat» kutubxonasi yoshlar bilan gavjum
...Bo‘kaga keldi karvon,
Bular ne deb, el hayron.
Nurli eshik ochildi,
Xalqqa ziyo sochildi.
Sovg‘a bo‘ldi minglab kitob,
Charaqlab ketdi oftob.
Jo‘shib ketdi yuraklar,
Aytildi ko‘p tilaklar...
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan besh muhim tashabbus bo‘yicha amalga oshirilgan xayrli ishlar el og‘zida doston bo‘ldi. Bu ishlardan ilhomlanib she’r yozgan va Prezidentimizga o‘qib bergan Fazilatni ham bugun barcha taniydi. Fazilat Yoqubova tumandagi 27-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 3-sinfida o‘qiydi.
27-IDUM tumandagi Xo‘jaqo‘rgon mahallasida joylashgan. Bugungi kunda ushbu ta’lim muassasasida 670 o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Ularga 60 nafar tajribali o‘qituvchi-murabbiy bilim beradi. Mazkur maktabda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 muhim tashabbus doirasida olib borilayotgan amaliy ishlar diqqatga sazovor. “Yosh kitobsevarlar”, “Yosh rassomlar”, xor, raqs, “Mohir qo‘llar” kabi ijodiy hamda fanlar bo‘yicha to‘garaklar faoliyat olib bormoqda.
— “Besh tashabbus” she’ri bilan Prezidentimiz e’tiborini qozongan 3-sinf o‘quvchisi Fazilat Yoqubovaga bugun bapcha tengdoshlari havas qiladi, — deydi maktab direktori Saidbahrom G‘ulomov. — Yurtboshimiz Bo‘ka tumaniga tashrifi payti Fazilatning otasi Hikmatilla Yoqubov oilasiga Prezident sovg‘asi sifatida “Cobalt” avtomashinasini tuhfa qildi. Yoqubovlar xonadonida iqtidorli qiz nomi bilan ataluvchi ziyo maskani — “Fazilat” kutubxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid kutubxona ochilishi tadbirida qatnashib, ushbu ma’rifat maskaniga 2000 ta badiiy kitob sovg‘a qilgani mahalla ahlini, ayniqsa yoshlarimizni mamnun etdi. Bugun kutubxona bilimga chanqoq qishloq yoshlarining sevimli maskaniga aylangan. Qolaversa, “Fazilat” kutubxonasi mahalla ko‘rkiga chiroy qo‘shib, o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda.
Bu ezgu ishlar davlatimiz rahbarining yurtimiz yoshlariga, ularning ma’naviyatini yuksaltirishga qaratayotgan e’tiboridan darak.
Sultonboy DEHQONOV