“INFOLIB – UZBEKISTAN – 2019” haftaligi o‘tkaziladi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan joriy yilning 28-oktabr – 1-noyabr kunlari an’anaviy “INFOLIB – UZBEKISTAN – 2019” VIII milliy axborot-kutubxona haftaligi o‘tkaziladi.
Haftalik dasturida soha mutaxassislari va kitobxonlar uchun bir qator tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, tanlovlar, treninglar, mahorat darslari o‘tkazish, jumladan, axborot-kutubxona sohasida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi va ularning natijalari tahlili bo‘yicha uchrashuvlar, anjumanlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, soha mutaxassislari ishtirokida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish bo‘yicha seminar-treninglar, dasturiy ta’minotlar taqdimotlari, mahorat darslari, viktorinalar, taniqli fan, madaniyat va jamoat arboblari bilan ijodiy uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitob ko‘rgazmalari, teatrlashtirilgan chiqishlar namoyish etish rejalashtirilgan.
Haftalik doirasida “Betgerxonlik – 2019. “Kutubxonachilik sohasidagi islohotlar – yangi davr kutubxonalari” mavzusidagi anjuman, “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi – 2019” tanlovining respublika bosqichi, bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilish bo‘yicha eng yaxshi uslubiy ishlanma-loyiha respublika tanlovi, axborot-kutubxona markazlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Axborot-kutubxona tahlili tanlovi”ning respublika bosqichi, axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari uchun UzNEL dasturidagi modullarida ishlash tartibi bo‘yicha bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga “Ilmiy ma’lumotlardan foydalanish va nashr ettirish faolligi” IV milliy ilmiy-ta’limiy forum, “Maktab o‘quvchisining axborot madaniyati” mediasavodxonlik seminar-treningi, “Axborot-kutubxona markazlari nodir fondlarini saqlash va restavratsiya qilish: Muammo va yechimlar” mavzusida seminar va boshqa qiziqarli tadbirlar, “Kitob sehri” mavzusida kitob va kitobxonlik bayrami, “Kitob qalb gavhari” mavzusida she’rxonlik kabi tadbirlar o‘tkaziladi.