Tashabbusni noto‘g‘ri talqin qilmaylik!
Biz, o‘qituvchilar ta’limda yuz berayotgan yangilanishlarni mamnuniyat bilan qarshi olyapmiz. Ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus muhim ahamiyatga ega. Bu tashabbusni amalda qo‘llash qanchalik samarali ekanini anglab, talaygina rejalarni tuzib olganmiz. Maqsadimiz aniq, turli to‘garaklar tashkil etilib, reja asosida mashg‘ulotlat olib borilmoqda. Ta’lim muassasamiz 5 tashabbus bo‘yicha shaharda tayanch maktab hisoblanadi. Biz, uch nafar texnologiya fani o‘qituvchisi o‘quvchi qizlarni mustaqil hayotga tayyorlash uchun, bichish-tikish, pazandalik mashg‘ulotlarini olib boramiz.
Ammo bir holat bizni tashvishga solyapti. Ayrim joylarda tashabbusning asl maqsadi noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. O‘qish-o‘rganish bir chetda qolib, 5 tashabbus quruq ko‘zbo‘yamachilik, ko‘rgazmabozlikka aylanib qolmoqda.
Shaharda biror tadbir, yig‘ilish yoki anjuman kabi tashkiliy ishlar bo‘lsa (yakshanba kunlari yoki mehnat ta’tili vaqtida ham), 5 ta tashabbus bo‘yicha ko‘rgazma olib chiqishimiz talab qilinadi. Ko‘rgazma uchun tikuv mashinalari, manekenlar, stol-stul, tikuvchi o‘quvchilarni ish kiyimida, qo‘l mehnati namunalari bilan olib borishimiz kerak. Bularni belgilangan joyga olib borish uchun o‘qituvchining qimmatli vaqti va mablag‘i sarf bo‘ladi. Ba’zi tadbirlar davomida 2 kun vaqtimiz ko‘rgazmani qo‘riqlash bilan o‘tadi. Ne mashaqqat bilan olib borgan ko‘rgazmamiz yonidan befarq o‘tib ketayotgan odamlarni ko‘rib o‘quvchilarimning behuda o‘tayotgan vaqtiyu mehnatimizga achinib ketaman. Kim uchun, nima uchun kerak bu ovoragarchiliklar? Buning o‘rniga sinfxonalarda to‘garak mashg‘ulotlarini o‘tsak, o‘quvchilar kitob o‘qisa, o‘zi qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha bilimlarini oshirsa — mana shuning o‘zi natija emasmi? Qachongacha natija deganda faqat ko‘rgazmalarni tushunamiz? Natija izlagan odam maktabga kelsin, dars va to‘garaklarni kuzatsin. O‘quvchilar bilan gaplashsin, buni ham muqaddas sanalgan dars jarayonlariga xalal bermagan tarzda tashkil etsin.
Takror ta’kidlayman, 5 tashabbus g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayman. Shu vaqtgacha olib borayotgan mashg‘ulotlarimizning samarasidan o‘quvchilarimiz, ularning ota-onalari ham mamnun. Tashabbusda ko‘chada yoki madaniyat saroylarida ko‘rgazmalar tashkil etilsin, degan joyi yo‘q, menimcha. Barcha e’tibor, maqsad o‘quvchilarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashga qaratilgan. Balki qilayotgan ishlarimiz-u natijalarimizni namoyish qilishimiz ham kerakdir, ammo bu duch kelgan tadbirga ko‘rgazmamizni ko‘tarib yurish shaklida bo‘lmasligi kerak. Shu bois o‘quvchilarning 5 ta tashabbus bo‘yicha bajarilgan ishlarini namoyish etish uchun ma’lum vaqtni belgilab olish kerak, deb o‘ylayman.
Davlatimiz rahbari, Xalq ta’limi vaziri o‘qituvchilar keraksiz ishlarga jalb etilmasin, deb qayta-qayta ta’kidlayotganiga qaramay dam olish kunlarida ham pedagoglar buyumlarini ko‘tarib tadbirma-tadbir yurishi to‘g‘rimi?
Hafiza RASHIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi