“Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi
Bugun, 28-noyabr kuni Toshkent shahridagi “Turkiston” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Yumor”, Jizzax viloyatining “Yulduzlar”, Sirdaryo viloyatining “Zo‘r-zo‘r”, Samarqand viloyatining “Pozitiv” va Toshkent viloyatining “Qibray yulduzlari” jamoalari ishtirok etdi, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati.
Tanlovda ishtirokchilar “Final muborak” mavzusida tanishuv, biatlon, “Biz o‘qigan asarlar” satirada va “Do, Re, Mi, ….” musiqiy chiqish kabi shartlarda bellashishdi. O‘quvchilar tanlov shartlari asosida o‘z qobiliyatlarini, zukkoligi va sahna madaniyatini namoyon etdilar.
Tanlov shartlari bo‘yicha o‘quvchilarning chiqishlari 5 va 6 ballik tizimda baholab borildi. Ularni baholash uchun madaniyat sohasi xodimlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashlaridan mutaxassislar taklif etildi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Yumor” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Samarqand viloyatining “Pozitiv jamoasi 2-o‘rinni egalladi, 3-o‘ringa esa Jizzax viloyatining “Yulduzlar” jamoasi sazovor bo‘ldi.
G‘oliblar tashkilotchilar va hamkor tashkilotlar tomonidan tayyorlangan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.