Uyingizda kitob bormi?
Dunyoni tutib turguvchi ustun ezgulik bo‘lsa, uni qalblarda bunyod etadigan me’mor kitobdir. Yig‘lab, kulib, dunyoni unutib o‘qiysiz. Uning sirli, mo‘jizakor olamida yashaysiz. Sahifalar umr misoli varaqlanadi. Turli qiyofalar, taqdirlar... Kitob mutolaa qilgan vaqtdan totliroq dam bormikan olamda.
Ming tashvish tortqilab turgan bo‘lsa-da, uydan chiqayotib, albatta, oynaga bir qaraysiz. Ko‘rinishingizdagi kamchiliklarni epaqaga keltirishga harakat qilasiz. Kitob ham bir oyna. Unda o‘zligingiz namoyon bo‘ladi. Ko‘ngildagi nuqsonlarni tuzatasiz.
Ba’zan tanishlarimning “Farzandim gapimga kirmayapti. Tarbiyasiz o‘rtoqlariga qo‘shilib vaqtini turli bekorchi ishlar bilan o‘tkazadi…”, degan diydiyolarini eshitaman. Shunda “Uyingizda badiiy kitoblar bormi?” desam ko‘pchiligi kalovlanib qoladi. Izlab-izlab oxiri topgan bahonalari shu: “Kitob o‘qishga vaqt qayda, ishdan boshim chiqmaydi”. Indamay qo‘ya qolaman. Ammo bo‘g‘zimga bir savol qadaladi: “Kitobsiz uyda ulg‘ayayotgan boladan yana nimani ham kutish mumkin?”
Inson ongi, ko‘nglidagi bo‘shliqlarni kitob to‘ldiradi. Agar odam kitobdan yiroqlashsa, o‘sha bo‘shliqlar yovuzlig-u yot g‘oyalarga maskan bo‘lishi mumkin. Prezidentimiz ilgari surgan besh tashabbusning biri ham bejiz kitobxonlikka qaratilmagan. Chunki jamiyatning ertangi kunini o‘qimishli, ziyoli yoshlar yaratadi. Millat kelajagiga befarq bo‘lmaylik!
Saodat UMЕDOVA, Koson tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi