Kitob bilan tarbiyalaylik
Har bir ota-ona o‘z farzandining bilimli va aqlli, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini istaydi. Lekin bu orzuga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.
Bugungi globallashuv jarayonida, ya’ni axborotlar oqimi va texnologiyalar atrofimizni qurshab olgan bir davrda farzandlarimizga qanday tarbiya berishimiz kerak? Buning uchun ularning qo‘liga tarbiyaning asosi bo‘lmish kitobni tutqazishimiz lozim.
Kitob insonga muvaffaqiyat eshigini ochadi. Ilm izlash, kitob, gazeta, jurnallar mutolaa qilish dunyoqarashni kengaytiradi. Zero, ko‘p o‘qigan, bilimdon insonning har sohada imkoniyati kengroq bo‘ladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 muhim tashabbusning to‘rtinchi yo‘nalishi aynan kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Bu borada ota-onalarga biz pedagoglar ko‘makchi bo‘lishimiz, o‘quvchini birgalikda kitobxon qilishimiz, tarbiyada kitobning o‘rni naqadar ahamiyatli ekanini uqtirishimiz zarur. Buning uchun ommaviy kitobxonlik tadbirlari, turli anjumanlar uyushtirish orqali ularning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirib boramiz.
Shuningdek, o‘quvchilarning yoshiga mos adabiyotlar ro‘yxatini tuzib, ularni o‘qishni tavsiya etishimiz, darsdan keyin kutubxonaga olib borib kitoblar bilan tanishtirishimiz, darslarda bahribayt o‘tkazib qiziqishini oshirishimiz mumkin.
Umida KARIMOVA, Toshkent tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi