“O‘gay” kutubxonalar bizda ham bor
Bolalar dunyosida kitobning o‘rni beqiyos. Chunki jajji qalb egalari kimlarga yoki nimalargadir intilib, taqlid qilib yashaydi. O‘sha xayolot dunyosida ulg‘ayib, balog‘at yoshiga qadam qo‘yadi. Kitob o‘qish jarayonida bolaning ma’naviy dunyosi boyib boradi, nutqi o‘sadi, qalbida go‘zallik, insoniylik tuyg‘ulari barq ura boshlaydi.
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 20-noyabr sonidagi “O‘gay kutubxonalar yoxud maoshi kam, qamrovi keng muassasalardagi muammolar qachon o‘rganiladi?” sarlavhali maqolada ta’kidlangan ayrim muammolarga biz ham duch kelayotganimiz sir emas. Toshkent davlat madaniyat instituti kutubxonashunoslik fakulteti bolalar kutubxonalari bo‘limining (1978-yili) birinchi bitiruvchilari qatori “Bolalar va maktab kutubxonalari kutubxonachi-bibliografi” mutaxassisligini egallaganimdan buyon shu sohada ishlab kelayotganim bois undagi o‘z yechimini kutayotgan masalalar meni ham tashvishga soladi. Kutubxona faoliyatidagi yutuq ham, kamchilik ham aholining, ayniqsa, yoshlarning o‘qimishli bo‘lishiga ta’sir etadi.
Bolalar dastavval o‘z oilasida, keyinroq maktabda, jumladan, uning kutubxonasida kitobxon sifatida shakllana boshlaydi. Bolaning keyingi hayoti mobaynida kitob o‘qish yoki o‘qimasligi ayni shu davrdagi o‘qituvchilar hamda kutubxonachilarning sa’y-harakatiga bog‘liq. Hozir maktablardagi kutubxonachi mana shu mas’uliyatni his etadimi, degan savol tug‘iladi. Afsuski, bu savolga yo‘q deb javob bergan bo‘lardim. Chunki maktab kutubxonachisi o‘quvchilarni darslik, uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash, ijara pulini yig‘ish, topshirish qo‘shimchasiga shu masalani “o‘rganish bo‘yicha” tuman, viloyat, respublika miqyosidagi mas’ullarni kutib olish kabi ishlar bilan mashg‘ul. Bundan tashqari, berilgan ro‘yxatga binoan bir necha o‘nlab tanlov tashkil etish, o‘tkazish (ular ba’zida har uch kunda va tezkor berish shart bo‘lgan) bilan band bo‘lishadi. Ba’zida kutubxonachilar buncha ishga qanday ulgurisharkan, deb o‘ylanaman. Agar kutubxonachi o‘z lavozim majburiyatidagi ishnigina bajarsa edi, boshqa tashkiliy masalalarga vaqti yetmasdi. Masalan, u o‘quvchilarni kutubxonaga jalb etish, kitobxon sifatida shakllantirish, ularning o‘qishiga rahbarlik qilish orqali ta’limiy jarayonni tizimga solish, o‘quv dasturini o‘zlashtirish, o‘qituvchilarning dars o‘tishga tayyorgarligida ko‘maklashishi, oilaviy mutolaa hamda kitobxonlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish va yuqoridan berilgan ko‘rsatmalarga binoan tadbirlar (ajablanarlisi, kutubxonachi o‘zi faoliyat olib borayotgan joydagi sharoit, kitobxonlar talab-ehtiyojlarini yuqoridagilardan ko‘proq biladi-ku) bilan qachon shug‘ullanar ekan? Qolaversa, har bir kasb, lavozim vazifalarini bajarishda belgilangan me’yor kutubxonachilikning ish jarayonida ham mavjud.
Ana shu me’yorga ko‘ra har turdagi tadbir, xoh u yakka tartibdagi, xoh ommaviy yo‘sinda bo‘lsin, uni tayyorlash va o‘tkazishga qat’iy vaqt me’yori belgilanadi. Masalan, “kitobxonga xizmat ko‘rsatishga tayyorgarlik ko‘rish” uchun (u bir necha vazifa va ish jarayoni to‘plamini o‘z ichiga oladi) kutubxonachiga ish kuni mobaynida ikki soat vaqt ajratilsa, eng yirik ommaviy tadbir hisoblangan “Kitobxonlar anjumani”ga 6 oy vaqt beriladi. Endi bir o‘quv yilida o‘nlab tanlov, xayriya tadbirlari, aksiyalarni tayyorlash va o‘tkazishni tasavvur etavering. Bu yoqda darslik va o‘quv qo‘llanmalarini butligicha yig‘ib olib, kerakli joyga yetkazib berish vaqti ham kelib qoladi...
Viloyat bolalar kutubxonalarining avvalgidek hududiy uslubiy markaz sifatidagi faoliyatini davom ettirishi yaxshi, lekin ARM vaqtidagi 45—55 nafar mutaxassis kutubxonachi soni hozir taxmin qilinayotganday (31 nafar) keskin qisqartirilsa, har bir tuman(shahar)dagi mavjud o‘rtacha 50—60 ta umumta’lim maktabi va boshqa maktabdan tashqari muassasalar kutubxonalarini to‘liq uslubiy xizmat bilan qamrab olishi darajasiga ta’sir etadi, nazarimizda.
Anvar QO‘LDOSHEV, Andijon viloyat ARM rahbari