Farzandingiz bilan do‘stmisiz?
Hayotning boshi — oila. Bolada odat tusiga kirayotgan xatti-harakatlar sekin-astalik bilan uning fe’l-atvorida turg‘un bo‘la boshlaydi. Uning hayotga munosabati oiladagi turmush sharoitining tartibli bo‘lishiga bog‘liq.
Bola xulqi shakllanishida ota-ona, oiladagi muhit, moliyaviy, ma’naviy ta’minot hamda atrof-muhitning ta’siri katta. Farzandga 5 yoshgacha “siz”, 12 yoshgacha “sen”, 16 yoshgacha “siz”lab munosabatda bo‘lish uning xulqi ijobiy tarkib topishiga xizmat qiladi. Bola hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom bo‘lmog‘i lozim. Afsuski, bugungi bolalar ongini mobil telefon va turli seriallar, jangari filmlar zaharlamoqda. Bu “olam”da yashayotgan bola ongi zaharlanib, buning ta’sirida jinoyat va suitsidga qo‘l urmoqda. Bunga chek qo‘yish uchun bolaning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, qiziqishiga qarab turli mashg‘ulotlarga jalb etish, shu orqali kasbga yo‘naltirish zarur. Ayniqsa, oilada ota-ona va farzand yaqin do‘st bo‘lmog‘i lozim. Bola o‘z sirini, muammosini ota-onasiga ochiq aytolsa, o‘ylaymanki, bu — tarbiyada oldinga tashlangan muhim qadam bo‘ladi.
Mahbuba NOROVA, G‘ijduvon tumanidagi 49-maktab psixologi