Farzand tarbiyasiga faqat o‘qituvchi mas’ulmi?
Bugungi kunda ota-onalar farzand tarbiyasidagi barcha mas’uliyatni ta’lim muassasalariga tashlab qo‘yayotgandek. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi o‘n yilda ota-onalarning o‘z farzandi tarbiyasi uchun ajratayotgan vaqti tobora qisqarib borayotgan ekan.
Olimlar bunga sabab ota-onaning ishga ko‘p vaqt ajratayotgani ekanini ta’kidlamoqda. Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan ajoyib naql bor. Bola ongi shu qadar beg‘uborki, unga nimani uqtirsak, qanday g‘oyani singdirsak, u shunga qarab hayotda o‘z yo‘lini tanlaydi. Ammo bugun ota-onalar hamma narsani moddiyat bilan bog‘lab, o‘z nuridiydalari kelajagi uchun mas’uliyatni unutib qo‘yishmoqda.
Ular bugunni o‘z davri bilan solishtirishi xato. Unutmaylik, bugungi davr boshqa. Axborot texnologiyalari kundan kunga rivojlanib, farzandlarimiz soat sayin yangi xabarlardan voqif bo‘lyapti. Hayotimizga internet kirib keldi. Bunday vaziyatda dilbandimizga zararli va zararsiz axborot farqini anglashni, duch kelgan ma’lumotni qabul qilavermaslikni o‘rgatish nafaqat biz, o‘qituvchilarning, balki ota-onalarning ham muhim vazifasi bo‘lishi kerak.
Shu o‘rinda haqli savol paydo bo‘ladi: ota-ona uyda farzandi bilan suhbatlashyaptimi? Ularning nimaga qiziqishi, bugungi darsidan nimani o‘rganganiga e’tibor qilyaptimi?
Yaqinda 7-sinf o‘quvchisi qimmatbaho telefon apparatini yo‘qotib qo‘yibdi. Uning majlislarga chaqirilsa-da, biror marta ham qorasini ko‘rsatmagan dadasi bir zumda yetib kelib, janjal-to‘polon boshladi. Qancha gapirmaylik — besamar. Endi o‘ylab ko‘ring, shunday oilada ulg‘ayayotgan farzandga o‘qituvchi qanday tarbiya bersin?
...Bolaligim ko‘z oldimga keladi. Dadam yangi kitob nashrdan chiqishi bilan bizga sovg‘a qilardi. Ota-onam na menga, na ukamga “Kitob o‘qinglar”, deb talab qo‘ygan. Chunki biz doimo ularning mutolaa qilayotganini ko‘rardik va kitob muhokamasini tinglardik. Xalqimiz “Ota-ona — andoza” deb bejiz aytmagan axir. Ota-ona qo‘liga kitob olmasa, boshini telefon yoki kompyuterdan ko‘tarmasa, farzandi qo‘liga kitob tutarmidi?!
Farzand bolalikda olgan sabog‘iga tayanib, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi. Ko‘p oilalarda qiz bola tarbiyasi uchun ona, o‘g‘il bola tarbiyasi uchun esa ota mas’ul, degan qarash bor. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Zero, farzand tarbiyasida har ikkisining o‘z o‘rni bor. Oilada farzandlar mardlik, shijoat, sabr-toqat, g‘urur, jasoratni otadan, ibo-hayo, iffat, tozalikka rioya qilish, pazandalik sirlarini esa onadan o‘rganadi. Demak, har bir ota-ona tarbiyaga alohida mas’uliyat bilan yondashishi lozim. Ayniqsa, ular o‘smir yoshidagi farzandiga dalda bo‘lishi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi, har qanday vaziyatda uning dardini tinglay bilishi juda muhimdir.
Nigora XOLIQOVA, Denov tumanidagi 77-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari