Qizlarimiz — yuzlarimiz, izlarimiz...
“Daraxtdan meva olaman desang, uni nihollik davridan parvarish qil”, deydi xalqimiz. Shu bois o‘zbek xonadonida azal-azaldan bola tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, qiz bolaning kamoli, uning istiqboli haqida ko‘proq qayg‘urilgan.
Chunki qiz — avlod davomchisi, bo‘lajak ona. Ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom onadan sog‘lom farzand dunyoga kelishini yaxshi anglagan xalqimizning tarbiya borasida o‘z qarashlari bor. Yigitlarga bobo, ota, og‘alari tomonidan g‘urur, mardlik, irodali, oriyatli bo‘lish kabi sifatlar singdirilsa, buvi-yu onalar qiz bolada ibo-hayo, sadoqatli, sarishtalilik shakllanishida asosiy rol o‘ynaydi. Yusuf Xos Hojibning uqtirishicha, har bir kishi jamiyatga munosib bo‘lib kamol topmog‘i kerak. Buning uchun u tug‘ilgan kundan boshlab zarur tarbiyani olishi lozim. Alloma qobil qizning tarbiyasi haqida fikr yuritar ekan, ularning o‘zlariga xos xususiyatlariga e’tibor berishni ta’kidlaydi.
Oilaviy muhit va tarbiyada katta yoki kichik narsa bo‘lmaydi. Hamma narsa, arzimasdek tuyulgan eng oddiy munosabatlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Rostgo‘ylik, samimiylik, shirinsuxan bo‘lish bola kamolotida zarur. Sevimli yozuvchimiz Isajon Sultonning “Onayizorim” qissasida o‘zbek xonadonida qiz tarbiyasi bilan bog‘liq holat shunday tasvirlanadi:
“Qizalog‘im, har muomalaning o‘z odobi bor. Mehmon kelsa, darrov yangi to‘shaklardan opkelib solasan, fotiha qilingach, dasturxon yozasan. Dasturxonni teskari yozib bo‘lmaydi, xafa bo‘ladi, yuzimni teskari qildi, deb. Kelgan kishi sanog‘iga qarab to‘rtta, oltita yoki sakkizta non, qand-qurs, meva-turshak qo‘yasan. Nonni toq qo‘yib bo‘lmaydi. Mehmon kutishning o‘ziga xos odoblari bor, qay tarzda hol-ahvol so‘rashish-u qay tarzda xayrlashishgacha asta-sekin o‘rgataman, ammo uyda o‘zimiz o‘tirganimizda ham odobga rioya qilishing shart. Masalan, kechagiga o‘xshab sirayam to‘rga chiqib ketmaysan, qiz bolasan-ku, axir? Hamma o‘tirganida sen osh-ovqat opkelasan. Keyin ikki oyog‘ingni chapga bukib, odob bilan o‘tirasan, kim choy ichkisi kelsa, piyolaga yarim qilib quyasan, barmog‘ingning uchi bilan tutib, nazokat bilan uzatasan”.
Qiz bolaning katta hayotga tayyor bo‘lib borishida ta’lim dargohidagi muallimlarning ham o‘rni yuqori. Biz ularga bilim beribgina qolmay, sirdoshi, maslahat beruvchi, kerak o‘rinda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchisi bo‘lishimiz kerak. Ba’zan maktabda qancha ko‘p o‘quvchi bo‘lsa, o‘qituvchi har biriga vaqt topa olmaydi degan qarashlarni ham uchratamiz. Buni qisman to‘g‘ri ham deylik, ammo zarur vaqtda o‘quvchisi yoniga hech qanday istiholasiz, o‘zini erkin his qilib kelishi uchun zamin yaratishimiz kerak. O‘tish davrida har bir bolaning fe’l-atvori, xarakteri, o‘y-xayollarida o‘zgarish bo‘la boshlaydi. Shunday vaqtlarda bor mehrini ko‘rsatib, o‘z farzandi kabi bilib, unga dildosh bo‘lishi lozim. O‘qituvchining baxti shogirdlar baxti bilan bog‘liq. Haqiqiy baxtga erishishi uchun o‘z manfaatini el-u yurt manfaati bilan birlashtirishi, xalq baxti uchun bor salohiyatini ayamasligi kerak. Chunki yoshlarimiz faqat ota-onasining farzandi emas, hayotning o‘g‘il-qizlari, millatning ertangi egalari, kelajak bunyodkorlaridir.
Shahodat QOSIMOVA, Yunusobod tumanidagi 273-maktab o‘qituvchisi