11 mingga yaqin bolajonga “Prezident sovg‘a”si topshiriladi
Mamlakatimizda har yili Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolalar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 3-15 yoshli farzandlari uchun “Prezident archasi” bayram tantanalari tashkil etiladi. Mazkur tadbirni mazmunli, ko‘tarinki ruhda tashkil etish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda “Prezident archasi” tantanalariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshiriladi.
An’anaga ko‘ra, “Prezident archasi”da bolajonlarga “Prezident sovg‘asi” topshiriladi. Bu yil 11 mingga yaqin bolajonlarga “Prezident sovg‘asi” taqdim etiladi.
Joriy yilda “Prezident sovg‘asi”ning tarkibi qayta ko‘rib chiqildi. O‘tgan yili bolalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 11 nomdagi o‘quv qurollari va 17 nomdagi shirinliklardan iborat sovg‘a taqdim etilgan edi. Bu yil esa “Prezident sovg‘asi”dan maxsus sovg‘alar qopchig‘i bilan 6 nomdagi o‘quv qurollari, 20 nomdagi shirinliklar, yumshoq o‘yinchoq va shaxmat joy olgan. Bu haqda XTV axborot xizmati ma'lum qildi.
26-dekabr kuni avtotransportda Toshkent shahri (2334 dona), Toshkent (1260 dona), Sirdaryo (274 dona), Jizzax (346 dona) viloyatlariga jami 4214 dona “Prezident sovg‘a”si olib boriladi.
Bundan tashqari, 25-28-dekabr kunlari 6428 dona “Prezident sovg‘a”si “Uzbekistan Airways” AJ samolyotlari orqali jadval asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 9 ta viloyatga yetkaziladi.
“Prezident sovg‘a”si 29-dekabr kuni o‘tkaziladigan “Prezident archasi” tadbirida bolajonlarga mahalliy hokimliklar va Respublikadan biriktirilgan vakillar ishtirokida tantanali ravishda topshiriladi.
— Mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish, fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga katta ahamiyat berilmoqda. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, qolaversa, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga jamiyat va davlatning doimiy g‘amxo‘rligi hamda e’tibori qaratib kelinmoqda. “Prezident archasi” tadbirlari ham yosh avlodga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi hisoblanadi. Mazkur tadbirlar orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlatimiz e’tiborida ekanligi namoyish etiladi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev.