Kattaqo‘rg‘on tumanining 1-umumta’lim maktabi yuz millionga munosib topildi
“Kitob — olamning qalbi”, deya e’tirof etgan edi buyuk adib, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov. Darhaqiqat, kitob aqlni peshlovchi, o‘quvchisiga bilim, go‘zal xulq, chiroyli odob “yuqtiruvchi”, o‘zida bamisoli dur-gavharlarni saqlovchi tugunmas xazinadir.
Shu bois ham Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning biri — aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga bag‘ishlandi. Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ushbu tashabbusni keng hayotga tatbiq etish, Samarqanddagi har bir oila va mahallalarda, umumta’lim maktablarida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida qator ko‘rik-tanlov o‘tkazilishi taklifini bildirdi.
Viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan “Eng yaxshi kitobxon maktab” viloyat ko‘rik-tanlovi uyushqoqlik bilan tashkil etildi. 2019 yilning dekabr oyida ko‘rik-tanlovning saralash, tuman va shahar bosqichlari o‘tkazildi. 16 ta tuman va shaharlardan bittadan maktab jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichiga yo‘llanma olishdi.
Joriy yilning 10 yanvar kuni umumta’lim maktabi direktorining ma’anaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, kutubxona mudiri, yoshlar yetakchisi hamda 4 nafar o‘quvchidan iborat avvalgi bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 16 ta maktab jamoasi “Eng yaxshi kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovida o‘zaro bellashdi.
Tadbirning ochilish marosimida Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov so‘zga chiqib, o‘quvchi-yoshlarning ilm-ma’rifatli bo‘lishi, o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlab, kitobxonlikka alohida e’tibor qaratishida ushbu tanlov muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Uning adolatli, shaffof o‘tishi, haqiqiy bilimdon jamoaga g‘oliblik nasib etishini qayd etib, jamoalarga omad tiladi.
“Eng yaxshi kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovi Nizomiga asosan, jamoalar uchta shart — tanishtiruv, tezkor savol-javob hamda o‘zbek va jahon adabiyoti namoyandalari va ularning asarlari bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov raisligidagi hakamlar hay’ati a’zolari ularning bilimlarini baholab borishdi.
— O‘quvchilarning savollarga berayotgan tezkor, aniq javoblari, ularning teran fikri va zukkoligi ba’zan kishini hayratga soladi, — deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. — Mana shunday yoshlarni ko‘rib, ular orasidan hali yana o‘nlab respublika miqyosidagi kitobxon yoshlar bilan bellasha oladigan, munosib raqib bo‘ladigan o‘quvchilar borligiga ishonch hosil qilib, ularni qayta kashf etdik. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda ko‘rik-tanlovning nihoyatda o‘rinli tashkil etildi.
Ko‘rik-tanlov qizg‘in bahs-munozalarga boy bo‘ldi. Eng bilimdon, eng munosib jamoani aniqlash hakamlar hay’ati uchun oson kechmadi. Yakunida eng munosib jamoa aniqlandi:
Birinchi o‘rin — Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-umumta’lim maktabi (100 million so‘m);
Ikkinchi o‘rin — Paxtachi tumanidagi 24-umumta’lim maktabi (kompyuter jamlanmasi);
Uchinchi o‘rin — Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi (noutbuk).
Ko‘rik-tanlov davomida viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabining iste’dodli o‘quvchilari tomonidan aytilgan qo‘shiq, ijro etilgan raqs, doirachi ansambllarning chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Eng faol ishtirokchilarga yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurodov o‘zining qalamiga mansub kitoblardan sovg‘a qildi.
G‘olib jamoalarga mukofotlar tantanali ravishda topshiriladi.
Abduhoshim ZIYATOV, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi