Dang‘arada axborot-kutubxona markazi ochildi
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani markazida 150 o‘ringa ega, zamonaviy axborot-kutubxona o‘z faoliyatini boshladi.
Prezidentimizning 2019-yil 12-13-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashriflari chog‘ida bergan topshiriqlariga asosan bunyod etilgan, 3 qavatdan iborat, 32 mingdan ortiq kitob fondiga ega kitobsevarlar uchun munosib tuhfa bo‘ldi.
— 72 yoshdaman, kitob esa bir umrlik hamrohim, — deydi nafaqadagi kutubxonachi Jamilaxon Ehsonova. — Tumanimizda yangi kutubxona ochilganligini eshitib keldim. Bu yerdagi sharoitlarni ko‘rib, ko‘z quvonadi.
Axborot-kutubxona markazida 14 nafar mutaxassis 2 yarim mingdan ziyod kitobxonlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
— Ish vaqtini ikki smenada tashkil etdik, - deydi markaz rahbari Sayyora Xolmirzayeva. -Bu yerda o‘quv zali, internet resurslar zali, barcha fan sohalariga doir kitoblar, ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy, badiiy adabiyotlar, kichik yoshdagi kitobxonlar uchun adabiyotlar mavjud. Bundan tashqari imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarga ham alohida shart-sharoitlar yaratilgan. Ular uchun maxsus kitob mebel jihozlari, kursilar, kompyuterdan foydalanishlari uchun maxsus o‘rinlar yaratilgan.
Quvonarlisi, bugun axborot-kutubxona markazi tumandagi yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan aholiga ziyo va ma’rifat ulashmoqda.