Chegirib qolingan vaqt uni nimaga sarflayapmiz?
Yaqinda o‘rta yoshli bir kishining “Yoshlarga nima bo‘lyapti o‘zi?” deb kuyinib gapirayotganini eshitib qoldim. Nima gapligini surishtirsam, yuqori sinf o‘quvchilari urishib, bir-biriga jarohat yetkazgan ekan. Darhaqiqat, oxirgi paytlarda televideniye, radio, ayniqsa, internet olamida “o‘g‘irladi”, “urdi”, “o‘ldirdi” mazmunidagi yoshlar bilan bog‘liq xabarlarga ko‘p duch kelyapmiz. Avval ham shunday voqealar bo‘lganmi? Unda nega hozirgidek keng ommaga tarqalmagan? Yoki hozir yoshlar haqiqatan ham o‘zgarganmi? Shunday bo‘lishiga nima sabab bo‘lyapti ekan?
Insoniyat ongi rivojlangani sayin texnika ham taraqqiy etyapti. Kitob, gazeta o‘rnini televideniye, telefon, internet egallamoqda. Biror ma’lumot kerak bo‘lsa, uni kitobdan qidirishdan ko‘ra, darrov internetga yuzlanamiz, chunki bu bizga juda oson-da. Kitobga ketadigan vaqtimiz kamayganidan xursand bo‘lamiz, lekin o‘zimizga qanchalik dushmanlik qilayotganimizni bilmaymiz. Chegirib qolingan vaqtni nimaga sarflayapmiz? Televizor ko‘rishga! Internetga! Tan olavering. Hozirgi vaqtda televideniye orqali berilayotgan seriallar, shou ko‘rsatuvlarning bolalarimiz ongiga qanday ta’sir qilayotganligiga e’ribor bermayapmiz.
Yaqinda bir 11-sinf o‘quvchisiga “Kelajakda kim bo‘lmoqchisan?” deb savol berdim. U esa “Chet elda “UFC Promotio”da jang qilaman”, desa bo‘ladimi?! Nima u, sport turimi, deb so‘radim. Chunki u nima haqida gapirayotganini tushunmadim-da. Shunda u menga oddiy til bilan aytganda qonunsiz ko‘cha jangi ekanini tushuntirdi. Axir, bu vahshiylik emasmi, dedim. Shuning orqasidan katta pul topib, dunyoga mashhur bo‘lganlarni bilmaysizmi? Ipmen, Brus Lini tanimaysizmi, deb qoldi. Ha, men ular haqida eshitganman. Ular jang san’ati ustalari bo‘lishganini ham bilaman. Lekin yosh avlodning bir vakili jang san’ati bilan qonunsiz ko‘cha jangining farqiga borolmayapti. Nega? Chunki u va tengqurlari internet degan ummondan yovuzlik aks etgan xohlagan filmini bemalol olib ko‘ryapti. O‘sha filmlardagi vahshiylik ularning ongini buzyapti. Oqibatda, inson qadri yo‘qolyapti. Bolalar nima uchun Manguberdi, Shiroq, Amir Temurdek sarkarda bo‘laman, demaydi. Menimcha, bunga sabab — o‘zbek seriallaridan ko‘ra Turkiya, Koreya, Xitoy davlatlarining tarixiy seriallari sevib tomosha qilinayotganida. Hatto multfilmlarni ko‘rishda ham bolalar chet elliklarning mahsulotini tanlaydi. Bunga faqat ayrim soha vakillarini aybdor qilolmaymiz, albatta. Chunki oiladagi muhit hammasidan muhim. O‘quvchining qo‘pol gapirishi, sinfdoshlariga dag‘al muomalada bo‘lishi, yurish-turishi, albatta, oilada olgan tarbiyasiga bog‘liq. Shuning uchun, avvalo, ota-onalarni tarbiyalash kerak, deb o‘ylayman. Ularning dunyoqarashini, bola tarbiyasiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish kerak. Taklifim, har oy yoki har chorakda sinf o‘quvchilarining ota-onalariga bola tarbiyasiga oid psixologik mashg‘lotlar o‘tish kerak. Chunki biz yuqoridan qancha parvarish qilmaylik, ildizini davolamas ekanmiz, kasallikni tuzata olmaymiz. Farzand tarbiyasidagi ildiz esa — ota-ona.
Biz shu maqsadda yangi “Ahil oila — baxtli maktab” loyihasi asosida maktabda psixolog va sinf rahbari hamkorligida ota-onalarga trening o‘tkazdik. Trening natijalarini tahlil qilib shuni bildimki, ko‘pchilik ota-onalar farzandining nimaga qiziqishi, nimani yoqtirishi-yu, nimani yoqtirmasligi, hattoki do‘sti kimliginiyam bilmaydi. Bu achinarli hol, albatta. Biz ota-onalar majlisini o‘tkazganimizda barchani 100 foiz jalb qilolmaymiz. Bu ham og‘riqli nuqta. Axir ota-ona yig‘ilishga kelsa, bolasining xulqi, o‘qishga qiziqishi, qaysi fanlardan oqsayotgani, ruhiyati va kayfiyatidagi o‘zgarishlardan boxabar bo‘ladi-ku. Texnika yordami bilan chegirib qolgan vaqtining bir qismini farzandi uchun sarflasa, o‘quvchilar ruhiyatidagi muammolar kamayardi, deb o‘ylayman.
Muhayyo QUVONDIQOVA, Nishon tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi