O‘quvchilar “Otabek va Kumushbibi” spektaklini tomosha qildi
Maktabimizning yuqori sinf o‘quvchilari bilan Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani asosida sahnalashtirilgan “Otabek va Kumushbibi” spektaklini tomosha qilish uchun bordik.
Tomosha zaliga joylashdik va sahna pardasi ko‘tarilib, spektakl boshlandi. Bizga tanish o‘sha to‘y sahnasi, ijrolar, dekoratsiyalar xuddi adib tasvirlaganidek. Spektaklni tomosha qilar ekan, sezib turdim: o‘quvchilar qahramonlar bilan birga yig‘ladi, kuldi, kurashdi. Bir narsadan ajablandim: asar voqealarini oldindan bilamiz-ku, bunchalik hayajon qayerdan? Bu, albatta, aktyor va aktrisalarning go‘zal ijrosi edi.
O‘g‘il-qizlar darslik va darsdan tashqari mutolaa orqali tanish asarining sahnadagi namoyishidan mamnun bo‘ldi. Bu ularda boshqa asarlarni ham mutolaa davomida tasavvur orqali anglashiga xizmat qilishi shubhasiz.
Hilola MAMATQULOVA, Sergeli tumanidagi 303-maktab o‘qituvchisi