Tadbirlar kerak! Faqat uni to‘g‘ri tashkil qilishni bilaylik
Biz o‘qituvchilar tadbirlar darsga xalaqit beradi deb, ularni kamroq o‘tkazish tarafdorimiz. Lekin to‘g‘ri va o‘z vaqtida tashkil qilingan tadbir o‘quvchining bilimini boyitib, muayyan fandan olgan bilimini mustahkamlaydi.
Ko‘pchilik oldida o‘zini tutish, muomala madaniyati, mustaqil va tezkor fikrlash, boshqalarga ijobiy ta’sir ko‘rsata olish qobiliyatlari aynan tadbirlarda rivojlanadi. Masalan, men rus tili fanidan “Вместо весело шагаем”, “Я, ты, он, она….”, “Мое любимое время года”, “Эрудит”, “Мы и сказки”, “Кто первый”, “Поговорим по-русски” kabi tadbirlar o‘tkazdim. Ba’zilari yillik an’anaviy tadbirga aylandi.
Bu nafaqat o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi, balki ularda jamoaviy shaxs ruhiyatini shakllantirishga katta ta’sir o‘tkazadi. Ulardagi analitik, tashkilotchilik, muomala va ixtirochilik qobiliyatlarini shakllantiradi. Tadbirning har bir qismida belgilangan maqsadni amalga oshirish uchun har xil pedagogik ta’sir va o‘zaro ta’sirlar qo‘llaniladi. Sinfda o‘tkazilayotgan tadbirning tarbiyaviy ta’sirlari natijasida pedagogik muhit paydo bo‘ladi.
Tadbir tashkil qilishda sinfdagi muhit hisobga olinishi kerak, tadbirdan so‘ng quyidagi savollarga javob olinishi lozim:
• O‘quvchi o‘zi uchun nima kashf qildi?
• O‘quvchi va o‘qituvchi hamkorligini kuchaytirishga xizmat qildimi?
Tadbirning har bir qismi o‘quvchilarni topshirilgan ishga mas’uliyat, boshlagan ishni tugatish, o‘z qilgan ishlarini baholay olishga o‘rgatishi kerak. Ko‘zlangan maqsadlarni o‘quvchilarga to‘liq tushuntira olish va amalga oshirish uchun pedagogning analitik tayyorligi, eruditsiya, tashkilotchilik, qiyin pedagogik vaziyatlardan chiqib keta olish qobiliyati namoyon bo‘ladi.
O‘quvchilar ishtirokida tadbir yakuniy tahlil qilinishi muhim. Bu bosqich o‘quvchilarni o‘z ishini to‘g‘ri baholash, yakuniga yetkazish, ishining davomini ko‘ra olish va boshqarish malakalarini shakllantiradi.
Bugungi davrda o‘g‘il-qizlarni tadbirlarga qiziqtirish va jalb etish uchun o‘qituvchi o‘ta uddaburon va zukko bo‘lishi kerak. Bu mavzuda hali ko‘p qiziqarli suhbatlar olib borishimiz mumkin.
Hormang, ustoz, qanday yangi tadbir rejalashtiryapsiz?
Yorqinoy MAMATISOQOVA, Marhamat tumanidagi 6-maktabning rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi