O‘zbekning Hindistondagi shoir farzandi
Ulug‘ shoh, Boburiylar saltanati asoschisi, nozikqalb shoir, o‘zbekning Hind sori yuzlangan farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlab respublikamizdagi barcha ta’lim dargohlarida badiiy kechalar tashkil etildi.
Samarqand viloyatining Tayloq tumanidagi 61-maktabda bo‘lib o‘tgan tadbir ham shular jumlasidan. “O‘zbekning ulug‘ shoh va shoiri” shiori ostida o‘tkazilgan badiiy kecha avvalida jahon adabiyoti namoyondalarining hazrat Bobur shaxsiga, ijodiga berilgan ta’riflari keltirildi. 5-sinf o‘quvchilari tomonidan shoirning ruboiy va g‘azallari maromiga yetkazilib o‘qib berildi.
Tadbir davomida Primqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari asosida o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishi yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Zahiriddin Bobur hayot va ijodi haqida o‘quvchilar orasida viktorina o‘tkazildi.
Faol ishtirokchilar tadbir so‘ngida esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dilafro‘z BOLTAYEVA, Tayloq tumanidagi 61-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi