Professor-o‘qituvchilar maktab pedagoglariga metodik yordam berib kelishmoqda
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek tili fakulteti professor-o‘qituvchilari va Yakkasaroy tumanidagi 160-IDUM hamkorligida “Ikki buyuk siymo” mavzusida ma’naviy tadbir tashkil qilindi. Ushbu tadbirda talaba va o‘quvchilar buyuk ajdodlarga bo‘lgan mehri va ehtiromini yana katta shijoat va havas bilan namoyish etdilar.
Bugungi kunda oliy va xalq ta’limi hamkorligini yo‘lga qo‘yish dolzarb vazifalardan biridir. Tadbirdan so‘ng, Yakkasaroy tumandagi 160-maktabda ona tili va adabiyot, o‘zbek tili fani o‘qituvchilari uchun maxsus seminar-trening tashkil qilindi. Unda tuman xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi Gulchehra Safarova va fan o‘qituvchilari qatnashishdi. Kafedra professor-o‘qituvchilari bugungi kunda ta’limda qo‘llanilayotgan eng yangi ta’lim shakllari, metodlari va ta’lim berish vositalari haqida ma’lumotlar berishdi. Ta’lim jarayoniga oid fikr-mulohazalar o‘rtoqlashildi. Xususan, 160-maktabda 2500 nafardan oshiq o‘quvchilar mavjud bo‘lib, shulardan 2000 nafari o‘zga tilli guruhlarda ta’lim oladi. Shunga ko‘ra seminar-treningda o‘zga tilli guruhlarda olib boriladigan o‘zbek tili va adabiy o‘qish darslarini o‘tish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimi muhokama qilindi. Mazkur maktabda universitet rektori tashabbusi bilan tashkil qilinayotgan talabalarning 1 kunlik amaliyoti masalasida ham muzokaralar o‘tkazilib, bu borada fan o‘qituvchisi tomonidan tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.