Maktabda “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik”
Yunusobod tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 51-IDUMda buyuk mutafakkirlarimiz Alisher Navoiy tavalludining 579 va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yunusobod tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti Surayyo Muslimova, rus tili fanidan bir necha darsliklar muallifi, xalq ta’limi a’lochisi va xalq ta’limi fidoiysi Zulfiya Abduraimova, “Mirzo Ulug‘bek” nomli mahalla fuqarolar yig‘ini faollari va ota-onalar ishtirok etdi. Tadbirda Alisher Navoiy va Bobur she’rlari ruboiylari g‘azallari o‘quvchilar tomonidan 4 tilda, ya’ni o‘zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida ijro etildi. O‘quvchilarning rus tilida ijro etgan buyuk siymolarning asarlaridan sahna ko‘rinishlari va raqslari tashrif buyurgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Maktabning rus tili o‘qituvchilari Nasiba Mamatkazina va Iroda Tadjitdinovalar “Общечеловеческие ценности в творчестве Алишера Навои, Бабура и А.С.Пушкина” mavzusida taqdimot o‘tkazdi.
— Bunday tadbirlarni o‘tkazish tumanimizda an’anaga aylangan — Surayyo Muslimova. — Fevral oyining oxirigacha barcha maktablarda reja asosida ochiq darslar, sayohatlar, tadbirlar o‘tkazilib turadi. Bundan maqsad Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusini hayotga tadbiq etish, o‘quvchilarda san’atga, musiqaga, teatrga, o‘zbek va rus adabiyotiga, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirishdan iborat.
Burhon RIZO