Besh tashabbus amalda
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 308-umumta’lim maktabida “Besh tashabbus amalda” mavzusida adabiy-badiiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda maktab o‘quvchi va o‘qituvchilari, ota-onalar ishtirok etdi. Milliy akademik drama teatri aktyorlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Hamid Toshpo‘latov, Mahfuza Bobotillayeva hamda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktrisasi Mehribonu Imomberdiyevalarning tashrif buyurishi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Ular bilan suhbatlar o‘quvchilar uchun haqiqiy mahorat maktabi bo‘ldi. Mehmonlar yig‘ilganlarning teatr sanati haqidagi savollariga javob berdi.
So‘ng besh tashabbusga bag‘ishlab tayyorlagan she’r va qo‘shiqlari ijrosi bilan o‘quvchilarning chiqishlari boshlandi. Tashabbusning adabiyot va san’at yo‘nalishiga hamohang o‘quvchilar tayorlagan sahna ko‘rinishlar — A.Navoiyning “Hayrat ul-abror”, O‘lmas Umarbekovning “Qaytar dunyo”, Cho‘lponning “Kecha va kunduz” asarlaridan parchalar namoyish etildi. Bu chiqishlar soha mutaxasisi bo‘lgan mehmonlarni-da hayajonga soldi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.