O‘quvchilar bahor festivalini o‘tkazdi
Ko‘p millatli, bag‘rikeng xalqimiz bahor tantanalarini turli millat va elat vakillari bilan hamjihatlikda nishonlashi an’ana tusiga kirgan.
Yunusobod tumanidagi 260-maktabda o‘tkazilgan tadbirda ham Hindiston, Buyuk Britaniya, Yaponiya va O‘zbekistonda bahor faslining kutib olinishi va ushbu xalqlarning ko‘klam bayramlariga xos urf-odat, an’analari raqs va sahna ko‘rinishlar tarzida namoyish etildi. Ingliz tili o‘qituvchilari Dilorom Mavlonova va Sofiya Bobojonovalar tashabbusi bilan o‘tkazilgan bahor festivalida katta sinf o‘quvchilari o‘zlarining ingliz tilidan olgan bilimlarini namoyon etdi.
— Maktabimizda o‘quvchilarga 1-sinfdan boshlab ingliz tili fani o‘qitiladi, — dedi ingliz tili o‘qituvchisi Dilorom Mavlonova. — Bahor ayyomi munosabati bilan o‘tkazilayotgan bugungi tadbirda o‘g‘il-qizlarimiz sahna ko‘rinishlari orqali to‘rtta davlat madaniyatini namoyon qilishdi. Unda maktabimizda tahsil olayotgan turli millat bolalari ishtirok etdi. Bu kabi tadbirlar ularning o‘zaro hamjihatligi, do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirga O‘zDJTU innovatsiya markazi, Farmatsevtika instituti, Hindiston madaniyat markazidan mehmonlar hamda ota-onalar taklif etildi. O‘quvchilar o‘zlarining badiiy chiqishlari, sahna ko‘rinishlari, ayniqsa, ingliz tilida aniq va ravon so‘zlashlari bilan yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Qatnashchilar to‘rt davlatning bahoriy milliy taomlari bilan yaqindan tanishishdi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir tantanalari ustozlarning tabrik va qutlovlariga ulanib ketdi.