Eti sizniki, suyagi bizniki
Ustozga bolani shogirdlikka berayotganimizda shunday deymiz. Ammo bu qaysi davrga taalluqli? Bugungi kunda maktabga bolalarini jo‘natayotgan ota-onalar nima deb jo‘natishadi?
Bularning maktabdagi ustozlarga, o‘rtoqlarga munosabati qanday? Ayrim ota-onalar borki, o‘zlari o‘qituvchilarni mensishmaganidek, farzandlariga ham o‘zlari bilib-bilmay shu narsani singdirishayapti. Qanday? Maktabga borayotgan bolasi agar “2” baho olib kelsa, “nega mening bolamga “2” baho qo‘yasiz” deb ta’na qilishadi. Shularning natijasida maktabga keladigan bolalar na o‘qituvchini va na sinfdoshlarini pisand qiladi. Bolalarning uyda yo otadan, yo onadan qo‘rqqani yaxshi bo‘lganidek, maktabda ham o‘qituvchilardan ozgina hayiqib turganlari yaxshi. Bu yerda gap bolani urish yoki so‘kish haqida emas. O‘quvchining bilimi odillik prinsipiga asoslanib baholansa, joyi kelsa bitta-ikkita 2 ham zarar qilmaydi. Hech bo‘lmaganda shu “2 bahodan qo‘rqib” ham, tengdoshlarining oldida boshi xam bo‘lishidan qo‘rqib ham yaxshi o‘qishga intilishadi. Zero, vaqtida, o‘z o‘rnida berilgan to‘g‘ri tanbeh bola kelajagining yorqin bo‘lishiga asos bo‘la oladi.
Ra’no QAMAROVA, Navoiy shahridagi 4-sonli AFCHO‘I maktabi o‘qituvchisi