Bolalar milliy tibbiyot markazida press-tur bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda yaqinda barpo etigan Bolalar milliy tibbiyot markazida jurnalistlar ishtirokida press-tur bo‘lib o‘tdi. Markaz rahbari Murod Jafarov jurnalistlarni muassasa bilan yaqindan tanishtirib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Markaz binosi 280 ta o‘ringa ega bo‘lib, kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Yiliga 1500 ta noyob yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkaza oladi. Ayni kunda markazda 700 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Binoda 68 ta yangi palata, sig‘imi 20 o‘rinli elektron kutubxona, 170 o‘rinli konferensiyalar zali, 50 o‘rinli oshxona va simulyatsion markaz mavjud.
Tibbiyotimiz neyrosonografiya usuli bilan cheklangan edi. Ushbu markazda esa yangi keltirilgan 3 Tesla quvvatli MRT apparati orqali endi eng zamonaviy tekshirish usullarini amalga oshirish va vizualizatsiya imkoniyatlaridan keng ko‘lamda foydalanish mumkin. Xususan, MRT perfuziyasini o‘tkazish bilan bir qatorda bosh miyaning ishemik o‘zgarishlari ham aniqlanyapti. Respublikamizda bu kabi tekshiruv usullarini o‘tkazish imkoniyati bo‘lmaganligini hisobga olsak, buni tibbiyotdagi jiddiy yutuq deya baholay olamiz.
— Markazimizning O‘zbekistondagi boshqa tibbiyot muassasalaridan farqi eng zamonaviy texnologiyalar va asbob uskunalar bilan jihozlangani. U HIS programmasi asosida faoliyat ko‘rsatadi, hamma tizimlar kompyuterlashtirilgan, — deydi Murod Jafarov. — Bemorlar haqidagi ma’lumotlar ham onlayn shakilga ega. Undan tashqari tug‘ma nuqsonlari bor bemorlarni ham genetik tekshiruvlar asosida davolay oladi. Hamda unda Koreyaning yetakchi tibbiyot markazlari bilan hamkorlikda viloyatlar aro telemeditsina yo‘nalishi yo‘lga qo‘yiladi. Kelajakda transplantatsiya operatsiyalarini bajarish uchun buyrak, jigar va yurak transplantatsiyasi bo‘yicha mutaxasislar tayyorlanmoqda.
Ushbu markaz yurtimizda tibiyot sohasida qo‘yilgan ildam qadamlardan biri bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Uning uzoq yillar hormay-tolmay xalqimizga xizmat qilishi tilakdoshimiz.