Siz kitobni qanday o‘qiysiz?
“O‘zimdagi barcha yaxshi xislatlar uchun kitobdan minnatdorman”, degan edi o‘z davrining mashhur yozuvchilaridan biri. Texnogen sivilizatsiya asrida kitobxonlik juda noyob hodisaga aylanib qoldi. Qaysidir sohada katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan, mutolaani o‘z hayotining mazmuni deb bilgan zamondoshlarimizning bu boradagi sa’y-harakatlari ibrat olishga arziydi. El nazariga tushgan insonlar kitobni qanday o‘qishadi?
Xurshid DO‘STMUHAMMAD, yozuvchi:
— Qanday kitob, nima maqsadda o‘qilyapti, qaysi yo‘nalish va mavzuda, bu mutolaa tarzini belgilaydi. Tarixiy, ilmiy yo‘nalishdagi kitoblarga o‘chroqman. Abdulla Qodiriyning “Diyori bakr” asarida menga notanish 200 ta arxaik so‘z uchradi. Afsuski, o‘sha tarixiy atamalar mazmunini ifodalaydigan manba topa olmaganman. Shaxsiy kitobim bo‘lsa, ma’lumotlarni esda saqlab qolish uchun tagiga qalam bilan chizish odatim bor. Egasiga qaytarishim zarur bo‘lgan kitoblardan qisqa konspekt olaman. Xotiram chatoq, ko‘p vaqtim takror mutolaaga ketsa ham, bundan zavq olaman. Mutaxassislar kitob o‘qish jarayonida yangi sinapslar, ya’ni miya neyronlarining o‘zaro hamda boshqa hujayralar bilan aloqasi yuzaga kelishini ta’kidlashadi. Bu esa miyaning ish qobiliyati, hajmini kuchaytirar ekan. Eng muhimi — kitob uni o‘qiyotgan shaxsga yoqishi zarur.
Ayrim asarlarni diqqat bilan, oshiqmay o‘qish lozim. Mashhur fransuz adibi Marsel Prustning 7 ta romandan iborat “Boy berilgan fursatlarni izlab” turkum asarlarini rus tilida takror-takror o‘qiyman. Bunday asarlarni konspekt qilaman desangiz, uni to‘lig‘icha ko‘chirib olishga to‘g‘ri keladi! Bunga fursat qani?! Esda saqlash uchun asarning qisqa mazmunini shaxsiy kompyuterim bazasiga kiritib qo‘yaman. Ilgari konspekt daftar tutardim, hozir matnni qo‘lda yozishdan ko‘ra klaviaturada terish afzal, vaqtdan yutaman. Iskandar Qalandarovning 60-yillar o‘rtalarida shov-shuvga sabab bo‘lgan “Shoxidamas, bargida” qissasining har bir sahifasi, har bir jumlasi, har bir so‘zini bittalab o‘qigan bo‘lsam, bu usul yosh ulg‘aygan sari o‘zini unchalik oqlamasligiga tan berdim. Ko‘ngil buyurgan har bir asarni shu tarzda o‘qib chiqishga vaqt yetmaydi, umrimiz kamlik qiladi. Sahifani to‘liq o‘qish emas, balki ikki-uch soniyada ko‘z yugurtirib ham asar mazmunidan boxabar bo‘lish mumkin.
1965-yili Moskvada nashr etilgan “Эстетикаповедения” (“Xulq-atvor nafosati”) degan kitobni talabalik yillarimda qiziqib o‘qib chiqqach, kamchilik-nuqsonlarim son-sanoqsiz ekanini bildim. Hali-hanuz tanish-bilishlarning yashash tarzi, ro‘zg‘or tutumi, yurish-turishi, kiyinishi, muomalasi, hatto dasturxon tevaragida o‘tirishini ham o‘sha kitob mezonlaridan kelib chiqib baholayman. Aynan shunday kitoblar har bir o‘zbek oilasida mutolaa qilinishi va bunga hayotda amal qilinishini istardim.
Hulkar KUZMeTOVA yozib oldi.