Telegram orqali pul topayotgan qiz
Zamon o‘zgarmoqda. Aniqrog‘i, davr talabi insonlarni tadbirkorlik va ishbilarmonlikka o‘rgatmoqda. Bu sohada yoshlarning, xususan, maktabdagi o‘smir o‘g‘il-qizlarning ham faolligi ortib borayotganidan ajablanmasa ham bo‘ladi. Zero, mamlakatimizda mavjud imkoniyatdan to‘liq foydalanish orqali ishsizlikni kamaytirish, kambag‘allikni qisqartirishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. To‘g‘ri-da, tuprog‘ida zar unadigan yurtda yashasak, yilning to‘rt faslida dehqonchilik uchun qulay tabiiy sharoit bo‘lsa, xalqimiz azaldan mehnatda toblangan, hunarmandchilikda qo‘li gul bo‘lsa-yu, nega endi bu imkoniyatdan foydalanmaslik kerak? Yoki o‘quvchi bo‘lishiga qaramay, uddaburon bo‘lib, o‘z mehnati orqali daromad topayotgan bo‘lsa, buning nimasi yomon?
Xullas, Namangan tumanidagi 24-umumta’lim maktabi bitiruvchisi bo‘lgan ana shunday yoshlardan biri haqida so‘z yuritmoqchimiz. Avvalo ta’kidlash o‘rinliki, bilim dargohida 754 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu yil ta’lim muassasasini 140 nafar, shundan, 9-sinfni 58 nafar, 11-sinfni 82 nafar o‘g‘il-qiz bitirmoqda. O‘quvchilarga kasb-hunar sirlarini o‘rgatish uchun turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, texnologiya fani o‘qituvchisi Feruzaxon Abdullayeva rahbarlik qilayotgan “To‘quvchilik” to‘garagida 15 nafar qiz milliy hunarmandchilikni o‘rganmoqda. Ulardan biri 11-sinf o‘quvchisi Mo‘tabar Husniddinovadir. U to‘qish sirlarini 6-7 yoshida buvisi Muqaddasxon G‘oyipovadan o‘rgangani bois boshqalardan tajribasi ko‘pligi bilan ajralib turadi. Dugonalariga to‘qishning nozik jihatlarida yordam beradi.
M.Husniddinova to‘qishga qiziqishi tufayli astoydil shug‘ullanish uchun uyida qulay sharoit yaratib oldi. Mahallada usta sifatida tanilib, aholining talabiga ko‘ra, nimcha, shapka, paypoq, yozgi oyoq kiyim (makasima)larni tayyorlamoqda. Asosiysi, u to‘qima mahsulotlarni mashaqqatli qo‘l mehnati orqali, maxsus uskunalarsiz yaratadi. Yozda bunday yengil va pishiq oyoq kiyimiga talab kuchli bo‘lib, buyurtmachilarga o‘rtacha 35-80 ming so‘mga tayyorlab berilmoqda. Vaholanki, bu oyoq kiyimi chet elda 25 AQSh dollaridan arzon emas.
Yosh tadbirkor yana bir ishga qo‘l urdi. Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Hunarmand” kanalini tashkil etib, respublikamizning barcha hududlaridan qisqa fursatda 70 nafardan ortiq a’zolarga ega bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, ularning aksariyati texnologiya fani o‘qituvchilaridir. Mo‘tabar mahsulot uchun xomashyoni mahalliy bozorlardan xarid qiladi. Masalan, diva va sholk ipi, taglik va pataklarni sotib oladi. Bir juft oyoq kiyimi tayyorlash uchun 2-3 kun muddat ketadi va uning tannarxi 30-35 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Bir oyda sarf-xarajatdan ortib topayotgan sof daromadi o‘rtacha bir million so‘mni tashkil etmoqda. Darvoqe, u telegramdagi “Hunarmand” kanalidan ham qo‘shimcha daromad topmoqda. To‘qish sirlarini onlayn tarzda o‘rganmoqchi bo‘lganlar Mo‘tabarning telefon raqamiga CLICK orqali 30 ming so‘m mablag‘ o‘tkazsa, to‘garakka qabul qilinib, videomuloqot orqali oyoq kiyimi to‘qish sirlarini o‘rganib oladi. Bu zamonaviy pul topish usuli bugungi tilda “Flirans” deb ataladi.
– Men kasb-hunardan ham bilimni ustun ko‘rganman va barcha fanlardan a’lo o‘qishga harakat qilganman. Bu yil NamDUning fizika yo‘nalishiga hujjat topshiraman. Nasib qilsa, to‘lov asosida bo‘lsa ham, o‘qishni davom ettirish niyatidaman. Lekin bundan qat’i nazar, bugungi yoshlar hayotdagi bor imkoniyatdan to‘liq foydalanishlari zarur, deb hisoblayman. O‘zim kelajakda o‘qish barobarida davlat tomonidan tadbirkorlikka beriladigan e’tibordan foydalanib, imtiyozli kredit hisobiga alohida bino qurib, qizlarga to‘qish sirlarini o‘rgatishni keng yo‘lga qo‘ymoqchiman, – deydi M.Husniddinova.
Ulug‘bek RAHIMOV