O‘ttiz yil axtarib topilmagan so‘z
Yonilg‘i tashiydigan mashinalarning yangidan yangilari chiqib, ko‘zimizni quvnatmoqda. Ammo ularning vazifalarini uqtirib turuvchi yorliqnamo yozuvlar kishining ensasini qotirar darajada g‘alizlashibmi, bachkanalashibmi bormoqda. O‘rta va keksa avlod vakillari yaxshi eslashadi:
90-yillarning boshlariga qadar neft mahsulotlarini tashishga mo‘ljallangan sisternali mashinalarning biqiniga “огнеопасно” degan yozuv bitilgan bo‘lardi. Tilimizga davlat tili maqomi berilgach, bu ta’kid ham o‘zbekchalashdi. “Bilgir” mutaxassislar uning o‘rniga “yong‘indan xavfli” deb yozadigan bo‘lishdi. Elchilik-da, so‘zdan og‘rinadigan kuyunchaklar barmog‘ini bigiz qilib, bu “kashfiyot” mualliflarini turli minbarlardan kalaka qila boshlashdi. Oshig‘ich yangi birikma o‘ylab topildi: endi ko‘chalardan g‘izillab o‘tib-qaytayotgan benzin tashuvchi mashinalar yonboshidagi “yong‘in xavfi” degan ogohlantiruvchi yozuv bilan odamlarning ensasini qotiradigan bo‘ldi.
Yana tanqid, yana ta’na! Nahot endi birgina “огнеопасно” degan so‘zning muqobilini topish shunchalik qiyin bo‘lsa. Yo‘q, mushkul emas ekan, topishdi harqalay. To‘g‘ri, biroz uzunroq, lekin o‘qigan odamning asabini bir tirnab qo‘yishga “yaraydi”. “Yong‘in jihatidan olganda xavfli”. Oxirida o‘qlog‘dek undov belgisi ham bor.
Nima balo, tilni masxara qilmoqchimi bular, deb yuborasiz pirovardida. Birgina “tezyonuvchan” degan so‘zni salkam 30 yildan beri axtarishadi! Eshitgan quloqqa yomon, janob mutasaddilar!
Abdurahmon OTAQULOV,
Mohichehra QUVVATALIYEVA,
Termiz tumanidagi 19-maktab o‘qituvchilari