Yozgi ta’til ham “Besh tashabbus” bilan
Tarbiya, avvalo, tarbiyaviy muhit hosil qilingan jamiyatda shakllanadi. Maktab, mahalla, oila — jamiyatning har bir bo‘g‘inida bolalar tarbiyasi va unga bog‘liq muammolar haqida juda katta tajriba shakllangan. Ammo shunisi diqqatga sazovorki, bugun tarbiyaning zamonaviy, o‘ziga xos usullari ham hayotimizga kirib kelmoqda.
Yozgi ta’til davrida bolajonlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida turli onlayn tanlovlar o‘tkazilmoqda. Barcha ta’lim muassasalari kabi bizning maktabimizda tashkil etilgan ham “Besh tashabbus” kanali har kuni bolajonlarning turli rasmlari, videoroliklari, ijodiy ishlari bilan gavjum.
Jumladan, “Men sevgan mashg‘ulot”, “Sport bilan do‘stman”, “Yosh kitobxon” kabi o‘nlab tanlovlar o‘tkazilmoqda, ingliz tili, rus tili,ona tili va adabiyot fanlari doirasida onlayn haftaliklar tashkil etmoqilda.
Tarbiya nihoyatda qiziqarli va ayni chog‘da o‘ta mashaqqatli ish hamdir. Hamma bolalarni ham baravariga ingliz tilida she’r yodlatish yoki matematik viktorinalarga onlayn tarzda jalb etish qiyin. Ammo maktabimizda faoliyat olib borayotgan jonkuyar o‘qituvchilar buni uddalashmoqda.
O‘quvchilarimiz orasida “Tengdoshlar” ko‘rsatuvini shakllantirdik. Ushbu loyihaga maktab o‘quvchilari o‘zlari izlanib, turli mavzularda videoroliklar yaratib havola etishmoqda.
Oldimizda hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yetarli. Bilim hamda tajriba, kelajakka umid, sabr va matonat bilan ko‘p yaxshi narsalarni qo‘lga kiritishimiz mumkin.
Gulchehra JALILOVA, Yunusobod tumanidagi 97-maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari