Niqobni o‘zimiznikilar o‘ylab topgan!
“Jamoat joylarida niqob taqib yuring!”. Taqib yuribmiz, opajon. Sog‘liq o‘zimizga ham kerak. Ja-a alomat narsa ekan bu niqob qurg‘ur. Menga o‘xshaganlarga tojdor virusdan himoya qilishdan tashqari ham ancha foydasi tegayapti. Masalan, iyagimizdagi to‘rtta soqol-u irimiga sepilgan kuzgi arpaday har joy-har joyda bitgan bejirim mo‘ylovimiz o‘sib ketsa ham shartta niqobni taqib ko‘chaga chiqaveramiz. Undan tashqari, Ulug‘ Kulol erinibgina ishlov bergan, beo‘xshov burnimizga-da hech kimning ko‘zi tegmaydi.
Yaxshining yomoni, oqning qorasi bo‘lganday, niqob taqishning ham lekini bor. Shaharning oppoq yuzli nozaninlarining go‘zal tabbasumi, bebaho kulguchlari, qarasang aksing ko‘ringudek yarqiroq tishlariga mahliyo bo‘lishdan ham benasib qoldik. Qaraysan, baqraygan ko‘zlarnigina ko‘rasan…
Gapni bo‘lmay turing! Shahlo emas, baqraygan! Tamom vassalom! Nega deysizmi? Yoningizda do‘stlaringiz bo‘lmasa, siz ham aslingizni yo‘qotasiz. Niqob bir tomondan e-ejodning ham barakasini uchiryapti. Axir manaman degan asarlar ham go‘zallik ta’sirida dunyoga keladi-da.
Tarix kitobida ko‘zim tushubmidiye-e yo boshqasidamidi, xullas, bir rasmni ko‘rgandim. Ibtidoiy zamonlar. Bekorchilikdanmi, balki menga o‘xshagan erinchoqdir, g‘orning og‘zida bir odambashara odam toshni toshga urib o‘tiribdi. Qolgan hamma ovga ketgan. Toshdan uchgan uchqun xasga tushib tutay boshlaganiga e’tibor bermayapti (rasmning tagiga “Olovning ixtiro qilinishi” deb yozilgan)…
Janobi rassom suratning qolganini tomoshabinning tasavvurida chiza boshlaydi. Xas yonib ketdi. Odambashara odam sapchib o‘rnidan turdi. Qo‘rqqanidan katta xarsangtoshning orqasiga berkinib oldi. Olov hamon erinib yonardi. Ovga ketgan sheriklarning ham qorasi ko‘rinmaydi. Uning qorni esa o‘lguday och. Odambashara odamning miyasi birdan yorishib ketdi. Ehtimol, bu miltirayotgan nimarsa uning och qolganini bilib tabiat in’om etgan yegulikdir. Bunaqa hodisalar hayotida ko‘p bo‘lgan axir…
Odambashara odam borib olovni yemoqchi bo‘ldi. Qo‘llarini cho‘zgan edi… Xullas, olovning olovligini anglagunicha ancha mashaqqat chekdi.
Opaginam-e-e, shu desangiz tasavvurning imkoniyatlari cheksiz. O‘ylab ko‘ring-a shu odambashara bobakalonimiz yoningizda paydo bo‘lsa-yu, siz unga niqob tutqazsangiz. Qanday qiziq hodisa sodir bo‘ladi. Ehtimol avval qo‘liga bog‘lab olar, so‘ng tizzasiga… uning bog‘ichlari quloqqa ildirilishini anglaguncha eh-he-e… Uni tushungandan keyin ham niqobni ko‘ziga taqib olsa ajablanmang (O‘zimizdan ham misol. Qo‘l telefonlar bilan ilk bor yuzlashganda bizning ahvolimiz ham unikidan kam bo‘lmagan).
Aytsam ishonmaysiz, Faloniyalik olimlarning ta’kidalashiga qaraganda niqobni birinchi bo‘lib o‘zimizning shifokorlar o‘ylab topgan ekan. Ixtiro qilishga qilib odambashara odam kabi ular ham aynan qayerga taqish kerakligini topguncha ancha mashaqqat chekkan. Dastlab ular niqobdan quyoshli yurtimizning paxta dalalarida foydalangan. To‘g‘ridan ko‘zga tushib turgan nurlar kunlik paxta rejasini bajarishga xalaqit qilgani bois, ixtiro qilgan niqoblarini ko‘zlariga taqishgan. Paxta terishda ilg‘orlab borayotgan shifokorlarni ko‘rgan mahalliy terimchilar dastlab ularning “sir”larini anglamagan. Ko‘zga niqob taqishni o‘rgangach ularning ham etaklariga paxtaga qo‘shilib baraka ham kira boshladi. So‘ng mahalliy terimchilar bu ixtironi qo‘shni dalada javlon urayotgan o‘qituvchilarga ilindi. Ular esa ko‘zga niqob taqishni butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirib yubordi.
Yana shifokorlarga qaytsak. Ular kun botgach qishloqning chang ko‘chalari oralab yotoqlariga qaytayotganda, nurdan himoyalanishga ehtiyoj qolmagach niqobni burun aralash og‘ziga tushirib olishgan. Chang va turli mikroblardan himoya qiluvchi zamonaviy niqoblar shu tariqa o‘ylab topilgan. O‘qituvchilar, mahalliy terimchilar undan keyin ham ancha vaqt niqobni ko‘zlariga taqishda davom etgan. Bu fakt, opajonim, erinmasangiz yozib oling.
Yillar o‘tib mahalliy aholi ham niqobdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganib oldi. Uni og‘izga taqish odamlarda bir qancha noqulayliklarni keltirib chiqargani ham sir emas. Niqobga o‘rganib qolgan ko‘zlari atrof-javonibni, unda yuz berayotgan hodisalarni ko‘ra boshladi. So‘ng o‘zgalarga niqobsiz olam manzaralaridan tuygan hayratlarini ifoda etishga chog‘lanishdi. Sho‘rliklar niqobni og‘izga taqishni o‘rgangan edilar-ku. Endi niqob gapirishga xalaqit qilar, qancha urunishmasin tinglovchi ularni tushunmasdi. Niqobdan voz kechay desa, ko‘nikib qolgan.
Mashq-u harakat bilan hamma narsani uddalasa bo‘ladi. Odamlar niqob taqib gapirish san’atini puxta o‘rganishga bel bog‘ladi. Avval pichirlab, chiyillab, so‘ng baralla do‘rilloq ovoz bilan gapira oladigan bo‘lishdi.
Har bir ixtiro yaratilgan payti ancha yirik, beso‘naqay bo‘ladi. Vaqt o‘tgan sari uning ixchamlashgan turlari ommalashib boraveradi. Shu qatori niqob ham rivojlandi. Uning ancha nozik, harir turlari yaratildi. Ko‘zga taqish jarayonida orttirilgan tajriba ish berib, endi niqobli kishining og‘zi, burnini bemalol ko‘rish mumkin edi.
Bu turdagi ommalashgan niqob ham ayrim toifadagi kishilarning zarariga ishladi. Masalan, o‘g‘rilar, qorindor qaroqchilar bundan ancha aziyat chekishdi. Sabab, og‘zini ochganda tortib olingan, o‘g‘irlangan xalqning rizqi berilib chaynagani sabab tishlari orasiga qadalib qolar, e’tibor berib qaragan odam buni bemalol ko‘rishi mumkin edi. Sho‘rliklar avval urfda bo‘lgan ko‘zga taqiluvchi, gapirganda xalaqit beruvchi niqoblar zamonini orzu qilishardi. Afsuski, endi niqoblar yangi, odamlar ham. Ko‘ra oladi, tutilib bo‘lsa-da gapiradi, kerak bo‘lsa so‘kadi ham.
Endi nima ham deymiz, opajon. Ish bor joyda kamchilik ham bor. Olimlarimiz bir g‘ayrat qilsa, ularga ham xalaqit bermaydigan niqob turlari yaratilib qolar. Ungacha esa sabr tilaymiz.
Humoyun QUVONDIQOV