Bolangizni cheklamang...
Pandimiya sharoitida bolajonlarimiz to‘polonchiligi har bir xonadonda kundalik muammo bo‘lsa, ajab emas. Jajji farzandlarning yangi kiyimlarni bir zumda kir qilib tashlashi barchamizni xunobimizni oshiradi. Bunday paytda ota-ona va kattalar qanday yo‘l tutishi kerak?
Tarbiya bo‘yicha tajribaga ega olimlar aytishadiki, agar senda yosh farzandlar bo‘la turib, uying doimo tartibli, chiroyli, toza hamda hamma narsa tamoman o‘z joyida tursa, demak, sen yomon ota-ona ekansan. Chunki bu mahrumlikdan, qattiqqo‘lligu yomon boshqaruvdan dalolat beradi. Tartibli uyda bolalarning bolaliklari o‘g‘irlanyapti, xayollari qamoqqa tiqilyapti, ruhlar oyoqosti qilinyapti.
Onalar uy-ro‘zg‘or anjomlarining tartibli turishini istaydi. Ular nazdida uy jihozlari alohida e'zozlanadigan, hatto muqaddaslashtiriladigan narsadir. Aslida bu jihozlarni ishlatish va manfaat olish uchun sotib olamiz, muqaddaslashtirish uchun emas. Biz bu to‘g‘rida mo‘tadil bo‘lmog‘imiz lozim.
Bolaning o‘yinga bo‘lgan ehtiyoji xuddi daraxtning suvga bo‘lgan ehtiyojiga o‘xshaydi. O‘yin bola uchun shunchaki vaqt o‘tkazish emas. U o‘zni shakllantirish va olamni kashf qilishdir.
Farzandlarimiz ro‘zg‘or anjomlaridan-da muhimroqdir. Uyning kir bo‘lishi nimani bildiradi? Rangli qalamlarning sochilib yotishi, varaqlarning tartibsiz yotishi nimani anglatadi?! Farzandlarni uydagi hamma narsaga qo‘l tekkizishdan mahrum qilishning o‘rniga ular bilan shartnoma tuzaylik. Ular o‘ynab, yozib, chizib bo‘lganlaridan so‘ng narsalarni yig‘ishtirib joy-joyiga qo‘yishsin. O‘zlari yoygan narsalarni saranjomlashni o‘rgansin.
Bolalar bo‘lmagan uy chiroyli bo‘lsa-da fayzsizdir. Farzandi yo‘qlar uyni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborsa-da farzandlari bo‘lishini orzu qilishadi. Farzandi yo‘q ayol har soatda bitta idish sindirsa-da, kiyimlarini har daqiqada kir qilsa-da bolasi bo‘lishini orzu qiladi.
Ularga qonunlarni o‘rgating. Ularni tartibga o‘rgating, lekin BOLALIGINI CHEKLAMANG...
Ra’no ASHUROVA, Kasbi tumanidagi 1-MTT tarbiyachisi