O‘zMUda xalqaro simpozium bo‘lib o‘tmoqda
Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan Xitoy fanlar akademiyasining Sinzyan Ekologiya va Geografiya instituti va boshqa xalqaro tashkilotlar hamkorligida 2020-yilning 24-25-noyabr kunlari “International Syumposium on Ecological Restoration and Manegement of Aral Sea”(Orol dengizini ekologik tiklash va boshqarish) mavzusida Xalqaro simpozium bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Bugun simpoziumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda sohaning taniqli olimlari va ekspertlari o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, simpozium doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti va Xitoy fanlar akademiyasining Sinzyan Ekologiya va Geografiya instituti bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universitetida “Ekosistemalar va biomlar” ilmiy laboratoriyasining ochilishiga tayyorgarlik ishlari xususida so‘z bordi.
Ular o‘rtasida imzolangan “Xitoy-O‘zbekiston hamkorlik tashabbusi — Orol dengizi mintaqasini ekologik tiklash bo‘yicha Urumchi deklaratsiyasi”ga muvofiq, Orol dengizini ekologik tiklash bo‘yicha innovatsion yo‘naltirilgan mintaqaviy hamkorlik doirasida o‘tkazilayotgan mazkur Xalqaro simpoziumda Xitoy, Turkmaniston, shuningdek, MDH mamlakatlarining taniqli mutaxassislari, milliy hamda xalqaro darajadagi ekspertlar, doktorantlar va sohaning malakali mutaxassislari ishtirok etishmoqda.
— Simpoziumni o‘tkazishdan asosiy maqsad, Orolbo‘yi hududida yashaydigan aholini bugungi kuni va kelajagi uchun yaxshi muhitni shakllantirish va barqaror ijtimoiy-iqtisodiyotni rivojlantirishga yanada hissa qo‘shishdan iborat, — deydi O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya fakulteti dekani professor Toxtasin Abdrahmonov.
Simpozium kun tartibidan Orolbo‘yi mintaqasining ekologik holatini yaxshilash, tuproq sho‘rlanishini oldini olish, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ko‘paytirish, hayvonot dunyosi holatini yaxshilash masalalari borasidagi bahs va munozaralar ingliz va rus tillarida (sinxron tarjima orqali) olib borilmoqda.
— Bugungi kunda talabalar, magistr, doktorantlarimizni eng global muammolardan biri tabiatni muhofaza qilish masalalariga bag‘ishlangan mavzular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib borishlari uchun bunday qo‘shma simpozium va labaratoriyalar albatta zarur, — deydi O‘zMUning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori filologiya fanlari doktori professor Raima Shirinova.
O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya fakulteti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan bunday Xalqaro simpoziumlar kelgusida Orolbo‘yi mintaqasining ekologik holatini yaxshilashga, tuproq unumdorligini oshirishga, o‘simliklar va suv tarkibini yaxshilashga, Orolbo‘yida yashovchi hayvonot olami muammolarini bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Zikrilla MAMATOV,
O‘zJOKU talabasi