Baxtimiz qomusi
Ayni kunlarda Bosh Qomusimiz − O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma sakkiz yilligi keng nishonlanmoqda. Ta’kidlash joizki, Bosh Qomusimiz jahon hamjamiyatida demokratik qonunchilikning namunasi sifatida tan olingan, unda mustaqillik g‘oyalari, xalqchil, demokratik tamoyillar o‘z aksini topgan.
Keyingi to‘rt-besh yilda jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida bo‘y ko‘rsatgan tub o‘zgarish va yangilanishlar O‘zbekistonning tiklanishdan yuksalish sari dadil odimlayotganidan dalolat berib turibdi. Avvalo, maktabgacha ta’lim tizimi rivojlantirilib, bu tizimning poydevori mustahkamlandi. O‘quv dargohlariga, pedagoglarga e’tibor kuchaydi. Oliy ta’lim sohasida ham tub o‘zgarishlar yuz berdi. Mazkur tizimlarni 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha kontseptsiyalar ishlab chiqildi. Iqtidorli bolalarni aniqlab, ixtisoslashgan maktablarda ta’lim berish yo‘lga qo‘yildi, poytaxtimizda va viloyatlar markazida atoqli adiblarimiz nomida Ijod maktablari tashkil etildi.
Bular barchasi, birinchi galda, biz o‘qituvchilarning o‘z kasbimizga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi, ishimizdan faxr-iftixor tuyyushga rag‘batlantirdi, faoliyatimizga qanot bag‘ishladi. Va, albatta, zimmamizdagi mas’uliyat tuyg‘usi yanada ortdi.
Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun munosabati bilan barcha tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalarida bo‘ganidek, poytaxtimizning Shayxotohur tumanidagi 180-A umumta’lim maktabida ham alohida tadbir tashkil etildi.
“Konstitutsiya – Baxtimiz Qomusi” shiori ortida o‘tgan ushbu tadbir bir necha avlod vakillari – o‘quvchilar, pedagoglar, Manon Uyg‘ur nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sh.Muzrabekov boshchiligidagi faxriylarning o‘zaro samimiy muloqotiga aylandi. Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi boshlig‘i F.Ahmadjonova mamlakatimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil so‘zladi. Shayxontohur tuman prokraturasi xodimi D.Toshevning Konstitutsiyamiz xalqchilligi, unda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uyg‘unlashganini Bosh Qomusimizdan dalillar keltirib, keng tushuncha berdi. Shuningdek, tuman xalq ta’limi bo‘limi sho‘ba mudiri D.Meliqo‘ziyev pedagoglar oldiga qo‘yilayotgan bugunning dolzarb vazifalariga to‘xtaldi.
Bir so‘z bilan aytganda, ochiq muloqot tarzida, ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir ham o‘quvchilar, ham maktabimizning yosh pedagoglari uchun siyosiy, ma’rifiy-axloqiy mavzudagi dars bo‘ldi, desak adashmaymiz.
Mustaqillik xalqimizga baxt-saodat, tinchlik, osoyishtalik, kelajakka ishonchni tuhfa etgan buyuk ne’mat sanalsa, Konstitutsiyamiz mustaqilligimizni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarni, manfaatlarini himoyalashning, xalqimiz farovon hayotini ta’minlashning kafolatidir. Shu boisdan ham uni Baxtimiz Qomusi deya ataymiz. Uning har bir bandini, har bir satrini yosh avlod ongiga singdirish esa, biz ta’lim xodimlarining sharafli burchidir.
Dilorom TO‘XTAYEVA,
Shayxontohur tumanidagi 180-A sonli umumta’lim maktabi direktori