Bolaga qancha pul berish kerak?
Hali pul nimaligini bilmagan yosh bolalar o‘yinchoqlarini o‘rtoqlari bilan ayirboshlashiga e’tibor berganmisiz — ular hech qachon oddiy, kichik va arzon o‘yinchoq bilan qimmatbaho mashinasini almashtirmaydilar. Bu tabiiy instinkt. Ular pulni oddiy qog‘oz sifatida qabul qiladilar. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda pul masalalari unchalik muammo emas.
Bolangiz maktab o‘quvchisimi?
Bola maktab yoshiga yetgach, pulning nima ekanligini, uni do‘kondan nimagadir almashish mumkinligi, ya’ni qiymatini anglab yeta boshlaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan ota-ona va farzandlar o‘rtasida kichik bo‘lsa-da tushunmovchiliklarga olib keladi. Kattalar ko‘p pul bersam, bolam yomon yo‘lga kirib ketishi mumkin, deb xavotirlansalar, bolalar esa aksincha cho‘ntaklarida pul ko‘p bo‘lishini xohlaydi.
Farzandingiz maktab o‘quvchisimi? Avvaliga u bilan dildan suhbatlashib bir kunlik xarajatlari—maktabga transportda borish, ovqatlanish, o‘quv qurollari sotib olish va hokazolarni aniqlab olishingiz, ya’ni u bilan birga kunlik budjetini tuzishingiz kerak.
Shunga ko‘ra unga yoshiga qarab, bosqichma-bosqich: avval kunlik, keyinchalik haftalik(oylik) muddatlarga mo‘ljallab aniq bir kunda, bir xil miqdorda pul bering. Mabodo farzandingiz uni o‘z vaqtida to‘g‘ri sarflay olsa—bu juda yaxshi. Ayrim bolalar haftalik pulni bir-ikki kunda sarflab bo‘ladi. Bunday paytda pulni ikki-uch bo‘lakka bo‘lib berishga o‘tishingiz yoki keyingi hafta hisobidan “avans” berishingizga to‘g‘ri keladi. Agar maktabga boradigan bir nechta farzandingiz bo‘lsa, ularga bir joyda, bir vaqtda, birgalikda pul bering, albatta yoshiga va xarajatlariga qarab. Hech qachon ularga yashirincha pul bermang, bu ular orasidagi mehr-muhabbatning darz ketishiga, bir-birlarini zimdan yomon ko‘rishlariga olib keladi. Shuningdek, onaning otadan, buvining bobodan yashirincha bolaga pul berishi yaxshi emas.
Aslida bolaga pul berishning tarbiyaviy ahamiyati — pulni sarflash, tejash va to‘plash, hamda narsalarning qimmatiga emas, uning qadriga yetishni, asta-sekin moliyaviy erkinlikka erishishni o‘rgatishdan iboratdir.
Bolani jazolash maqsadida puldan qisish yoki rag‘batlantirish uchun rejadagidan ortiqcha pul berish noto‘g‘ri. Ko‘pgina ota-onalar farzandlari maktabdan “besh” baho olib kelgan kunlari ko‘proq, aksincha, past baho olgan kunlari kamroq pul berish yo‘lini tutishadi. Shuningdek, bajargan har bir ishi uchun yoki uni yaxshi ko‘rganlari uchun muntazam pul berib borish bola psixologiyasini boshqa tomonga burib yuborishi mumkin. Buning oqibatida ular har bir narsadan ta’ma kutadigan kishi bo‘lib yetishadilar. Farzandingiz oilaviy budjet masalalaridan xabardormi?
Farzandingizni oilangiz budjeti masalalaridan ham xabardor qilib turganingiz ma’qul. Bola ota-onasi qayerda ishlab, qanday pul topib kelayotganliklarini, pul bajarilgan mehnat hisobiga beriladigan haq ekanligini anglab yetsin. O‘zingiz ham ishdan charchab, qiynalib pul topib kelgan bo‘lsangiz-da, bolalar oldida bundan hech qachon nolimang, ular mehnatdan qo‘rqadigan bo‘lib o‘sishadi, aksincha mehnatdan zavq olishga o‘rgatib boring, mehnatkash insonlarning hayoti farovon bo‘lishini aytib turing.
Oilaning xarajatlar daftarini hisob-kitob qilish va yuritish vaqtida bolalar kirim-chiqimlardan boxabar bo‘lishlari, oilada moliyaviy tanqislik yuz beradigan vaqtlarda esa ularga vaziyatni tushuntirish, bunday paytda bolaning budjetini salgina kamaytirish esa uni o‘ylashga, fikrlashga majbur qiladi.
Farzandlar ulg‘aygan sari ularning moddiy ehtiyojlari ko‘payib, pul-tovar munosabatlari ham rivojlana boradi. Bozorga yoki magazinga narsa sotib olishga borganingizda bolangiz yoningizda bo‘lib, savdo-sotiq ishlaringizdan ko‘z olib borsa — bu ham yaxshi. Yoshi katta bolalarga bozor-o‘char qilishni topshirish va narsalarning narx-navosi to‘g‘risida suhbatlashish, bunda ortib qolgan arzimas mablag‘larni esa ularda qoldirsa bo‘ladi.
Farzandingizning shaxsiy pul jamg‘armasi bo‘lishini istaysizmi?
Bolangizga pul to‘playdigan kichik hamyoncha olib bering. Ularga pul jamg‘arishni – kunlik xarajatlaridan iqtisod qilib, pul to‘planishini tushuntiring. Ularga bo‘sh vaqtida ishlarga yordam bergani yoki rejadan tashqari ishlarni bajargani uchun moddiy rag‘batlantirib, shaxsiy jamg‘armasining ko‘payishiga ko‘maklashing – shunday holda bola pulning halol mehnat evaziga kelishini tushunib yeta boshlaydi. Bolangizga bergan pullaringizni hadeb hisob-kitob qilavermang, bu masalada ularga oz-ozdan iqtisodiy erkinlik berib boring. Imkoni bo‘lsa, kichik biznesini yuritishiga ko‘makdosh bo‘ling. Masalan, qishloqda bo‘lsangiz unga tovuqlar yoki qo‘zichoq sotib olib bering va ularni ko‘paytirishiga yordamlashing, ruhlantirib boring.
Bolaga ehtiyojidan ortiqcha pul berish uni takabburlikka, manmanlikka, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yishga yetaklashini yodda tuting. Pulingiz ko‘p bo‘lsa ham buni farzandlaringiz oldida aytavermang. Pullarning bir qismini bolalarning ko‘zi oldida, kerak bo‘lsa qo‘li yetadigan joyda saqlab ularni ko‘zi to‘qlikka, halollikka o‘rgating, lekin nazorat qilib turing. Bolalarni kam xarajat qilib ko‘p foyda olishni o‘ylashga, xarajat talab qiladigan ishlarga hisob-kitob bilan yondashishga odatlantiring.
Pul — hayot uchun zarur narsa, turmushni harakatga keltiruvchi vositalardan biri, yaxshi yashashning asoslaridan biri ekanligi, ammo dunyoda pulga almashtirib bo‘lmaydigan sog‘lik, baxt, umr kabi juda ko‘p narsalar borligi to‘g‘risida ham suhbatlashib turing.
Bolalar nega pul o‘g‘irlashadi?
Ota-onalarni qiynaydigan muammolardan yana biri bu bolalarning uyidan yoki boshqa joydan pul o‘g‘irlashidir. Buning bir nechta sababi bo‘lishi mumkin va buni kattalar o‘z vaqtida anglab yetishlari kerak:
1) bolaga kundalik ehtiyojlari uchun pul bermaslik yoki kam pul berish, sovg‘alar bilan xursand qilmaslik. Berayotgan pulingiz bolaning kunlik zaruriy ehtiyojlariga yetmaydi;
2) ayrim o‘rtoqlarida bor bo‘lgan, masalan, koptok, qimmatbaho ruchka, kalkulyator kabi narsalarga havas – egalik qilish istagining mavjudligi, ularni sotib olish uchun pul zarurligi. Bunday xohishni bola ota-onasiga aytolmaydi, yoki aytsa ham unga e’tiborsiz qarashadi, yoki jerkib berishadi;
3) bolaning maktabda pulini yo‘qotishi, o‘g‘irlatib qo‘yishi yoki katta bolalarning undan zo‘ravonlik bilan pulini tortib olishi, pul bilan garov o‘ynab yutqazishi. Farzandingiz birdan xomush tortib, odamovi, kamgap bo‘lib qoldimi? Bu pulga bog‘liq masala bo‘lishi mumkin. Sababini bilishga qiziqing, uni yaqin olib yuragidagi dardini bilib oling.
4) bolalar o‘rtasida o‘z mavqeyini oshirishga intilish, o‘zgalardan ustunligini namoyon qilish yoki o‘zining saxiyligini ko‘rsatish maqsadida puldan vosita sifatida foydalanish.
Ko‘pincha ular o‘g‘irlagan pullarini o‘rtoqlari bilan birga baham ko‘rishni yoqtiradilar.
Shunday vaziyatga tushganmisiz?
Ota-ona – pul – bola shaklidagi pulga bog‘liq quyidagi psixologik vaziyatni tahlil qilaylik:
“Besh yoshli Asadbek onasi bilan bozorga kirdi. O‘g‘li o‘yinchoqlar sotiladigan do‘kon oldida turgan o‘yinchoq avtomobilga “Shuni olib berasiz”, deb yopishib oldi. Shundog‘am Asadbekning uyida bir nechta avtomobil o‘yinchoqlari bor. Lekin bola—baribir bolada. Onasi uning qo‘lidan qancha tortmasin, urishmasin bolasi yig‘lab xarxasha qila boshladi”.
Bunday vaziyatdan chiqib ketish uchun uni jerkib berish, so‘kish yoki kaltaklash hech qanday tarbiyaviy ahamiyati ega emas. Bunday holat bola ruhiyatining sinishiga, onadan ko‘ngli qolishiga yoki shu vaziyatning bir umr yomon xotira sifatida esida qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bunday paytda avvalo qizishmang. Farzandingiz oldiga yaqinroq o‘tirib oling va uni o‘zingizga qarating. Unga mashina sotib olishga pulingiz yetishini, ammo uyga shirinlik, non, go‘sht va boshqa narsalar olib borish zarurligini, o‘yinchoq avtomobil sotib olgan taqdirda esa bu narsalarga pul yetmasligini ayting va albatta bolangiz bilan birga bozorlik qiling.
Pul — kelajak kunlaringiz uchun zaxira bo‘lishini unutmang!
Yoshligida bolaning qo‘lidagi narsalarini tortib olish uning qizg‘anchiq bo‘lib o‘sishiga sabab bo‘ladi. Farzandlaringizda saxiylik va homiylik tuyg‘ularini shakllantirishni ham unutmang. O‘zingiz ham pul masalalarida qat’iy, saxiy va samimiy bo‘ling, ular sizdan ibrat olib voyaga yetsinlar.
Qachondir farzandingiz bilan birga do‘konga kirganda bolangiz birinchi marta siz tanlagan narsani ko‘rib:
Yo‘q, dadajon, qimmat ekan, puliga arzimaydi, desa, bilingki u siz kutgan inson bo‘lib o‘sayapti.
Ayrim ota-onalar farzandlarining og‘zidan chiqqan summani beradi, aytgan narsasi necha pul turishidan qat’i nazar, olib berishga harakat qiladilar. “Bolam ko‘ngli o‘ksimasin, bizlardan xafa bo‘lmasin, qariganimizda bizni boqar”, deb o‘ylaydilar. Bu bilan ular bolaning kelajagi barbod bo‘lishi mumkinligini o‘ylamaydilar. Bir donishmand: “Agar sen ota-onangning beminnat davlati evaziga mehnatsiz, qiyinchiliksiz, farovon umringni o‘tkazsang, sening farzandlaring kambag‘al bo‘ladilar”, degan ekan. Buning asosiy sababi keyingi ikki avlod iqtisodiy masalalardan yiroq o‘sgan. Nima bo‘lganda ham o‘z kelajagingiz uchun zaxira yaratib boring. Kishi keksayib borgan sari shaxsiy ehtiyojlari, yaxshi yeb-ichishi va sog‘ligini asrashi uchun pulga muhtojlik sezmasin, hech kimga moddiy qaram bo‘lmasin.
Maktablarda “Mening bir kunlik xarajatlarim”, “Ota-onam bergan pullarni nimaga ishlataman?”, “Shaxsiy jamg‘armangizdagi bir million so‘mni qanday sarflaysiz?” mavzularida so‘rovnoma o‘tkazish, erkin insholar yozdirish ham foydadan xoli emas.
Jo‘raqul DAVLATOV, Olot tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi, Respublika Xalq ta’limi va Kasb-hunar ta’limi a’lochisi