Kitob bilan “o‘ynang”, bolalar!
Kitobni yaxshi ko‘rmaydigan, uni varaqlab ko‘rishga qiziqmaydigan bola bo‘lmaydi, ammo bolalariga kitobni sevishni o‘rgatmagan, u bilan do‘stlashishni tushuntirmagan ota-onalar bo‘ladi.
Qishloq bolalarini bilasiz, bir-birlarining hovlisida emin-erkin o‘ynab yurishadi, ba’zan hatto qo‘shnisining dasturxoni atrofida o‘tirib, birga ovqatlanishadi. Shunday kunlarning birida uyimizda o‘ynayotgan bolalardan bittasining ajoyib so‘zlari qulog‘imga chalindi: “Voooy, kitoblari ko‘p ekan!”
U bu gapni o‘ziga-o‘zi pichirlab aytgandi. Va buni boshqa bolalar eshitmadi yoki eshitsalar ham ahamiyat bermadi. Men unga qaradim-u, ko‘zlarida cheksiz hayratni ko‘rdim. Bolakay javondagi kitoblarga qarab turar, nigohi bilan ularni sanar edi. O‘sha tobda muhim bir yumush bilan band edim chog‘i, unga boshqa e’tibor berolmadim. Oradan birmuncha vaqt o‘tib, tasodifan yana unga ko‘zim tushib qoldi. U javon yonida tik turgancha, kitoblardan birini olib, o‘qishga tushib ketgandi. Shu turishicha butun borliqni unutgan, yonida o‘ynayotgan o‘rtoqlarini ko‘rmas, televizor tovushini eshitmasdi. Mana shu lahzalarda ko‘nglimdan kechganlarini sizga tushuntirib berolmayman. Ohista borib uni quchgim, peshonasidan o‘pib olgim keldi. Bir fursat kuzatdim, so‘ng yoniga borib boshini siladim.
— Bu kichkina daho qanday kitob o‘qiyapti ekan? — so‘radim uni gapga tutib.
— Konstitutsiya.
— Qoyil! Nechanchi sinfda o‘qiysan?
— Uchinchi.
— Qaysi maktabda?
— IDUMda.
— Kitob o‘qishni yaxshi ko‘rasanmi?
— Ha.
— Katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan?
— Mashhur odam.
Uning bu javobidan kulib yubordim. Bolalikning o‘ziga xos, beg‘ubor orzusi bu ham.
— Mana, qaranglar, — dedim boshqa bolalarga, biri uyning bir burchida o‘yinchoq o‘ynayotgan, biri televizor pultini ushlab olgan, boshqasi ukasining yonida yumshoq o‘yinchoq quchoqlagan, kattarog‘i planshetga mukkasidan ketgan bolalar ham suhbatimizni eshitib, diqqatini bizga qaratgan edi. — Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum. “Kitob o‘qi!” demasam ham, o‘z xohishi bilan qo‘liga kitob olibdi bu bola. Qaniydi sizlar ham kela solib kitoblarga intilganingizda, ularni talashib-tortishib o‘qiganingizda. Hammasini sizlarga berib yuborardim.
— Hozir kanikul-ku! — dedi bir qizaloq.
— Kanikul emas, ta’til. Ta’tilda ko‘proq o‘qish kerak-da, — dedim. — Katta bo‘lganingizda yaxshi odam bo‘lish uchun kitoblar bilan o‘ynang! Ular sizga bir umr chin do‘st, maslahatgo‘y, yuqori marralarga ko‘tarilishingizda ko‘makchi bo‘ladi.
Bolalar boshlarini silkib, ko‘zlari chaqnab gaplarimni ma’qullashdi. So‘ng biri istab, biri istamasa ham boshqalariga ergashib, javondan kitob tanlab olishdi-da, varaqlay ketishdi.
Aslida javonimdagi kitoblar unchaligam ko‘pmasdi...
Odinaxon ABDURAHIMOVA