Mehr-muhabbat nishoni
Tarixdan bilamizki, xalqlar va podshohliklarning faxru iftixor tuyg‘usini shakllantiruvchi bayroq va ko‘krak nishoni yoki bo‘yinbog‘i bo‘lgan. Bunday belgi har bir elatning o‘z milliy g‘ururini bildirgan. Bunday nishon talaba-yoshlarda bo‘lsa, qanday bo‘larkan, degan fikrni ko‘p yillardan buyon o‘ylab kelaman. Boisi, yoshlarning ham o‘ziga xos iftixor ramzi bo‘lsa va bu ramz ularni mehr-u muhabbat, hurmatga da’vat etib tursa ajoyib emasmi?
Shu haqda o‘z taklifimni ilgari surmoqchiman. 5 ta rangdan iborat jonli tasvirga ega ko‘krak nishoni yoshlarning chap tomoniga taqiladi. Bu tiriklikning bir qismi bo‘lgan yurakka yaqin joyda joylashadi. Nishondagi sariq rang tariximizni o‘rganishga bo‘lgan munosabatdir. Yashil rang esa tabiatni o‘rganish, jonivorlarga va tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbatni oshirish, doimo rahmdil bo‘lishni tavsiya etadi. Bu kabi tasvirlar oqko‘ngil, pok va halol insonlar bo‘lib yetishishiga go‘yoki niyatdir. Ko‘krak nishonidagi ko‘k rang esa musaffo osmon belgisi. Qizil rangda tinch va halol yashash, faxriylarni qadrlashga ishora qilingan. Yer shari barcha davlat xalqlarining yashash joyi bo‘lib, unda hamma birdek tinch va inoq yashashini bildiradi. Kabutar esa tarixdan ma’lumki, tinchlik va ozodlik elchisidir.
Ta’lim sohasining bir vakili sifatida o‘z taklif-mulohazalarimni Xalq ta’limi vazirligiga va Norin tumani xalq qabulxonasiga yubordim. Xalq ta’limi vazirligi bu masalani tegishliligi bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Vaholanki, men o‘quvchilar uchun ham bu nishon ta’sis etilishini istagandim. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi esa mamlakatimizdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan so‘ng tegishli mutaxassislar ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqilishi lozimligini bildirishdi.
Shamsiddin SULTONOV, Norin tumani