Bir asrning ikki dahosi
Shayxontohur tumanidagi 169-maktabda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligiga bag‘ishlangan “Bir asrning ikki dahosi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o'tdi.
Maktabning ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari Dilrabo Adilova va Dildora Ruzimetovalar boshchiligida tayyorlangan tadbirda o‘quvchilar Navoiy va Boburning hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar berdi. Ularning ruboiy, g‘azal, tuyuqlaridan namunalar aytdi va asarlari asosida sahna ko‘rinishi namoyish etdi.
— Maktablarda o‘qitiladigan ko‘plab darsliklar Navoiy va Boburning yosh avlodga o‘gitlari bilan boyitilgan, — deydi maktab direktori Gulnoza Ergasheva. — O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan navoiyxonlik kechalari, shoir hayoti va ijodiga, asarlariga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlovlar yoshlarimizni mutafakkir yaratgan bebaho merosdan bahramand etishga, ularning ruhiy olamini, dunyoqarashini ezgu g‘oyalar bilan boyitishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda XTB ona tili va adabiyot fani metodisti Ra'no Artikova, maktab pedagogik jamoasi, o'quvchilar va ota-onalari ishtirok etishdi.