Bolakayning katta xatosi
2020-yil 24-dekabr kuni soat 07:46 larda “Yangiyo‘l — Paxta” temiryo‘l bekatlari oralig‘ida mashinist R.To‘raqulov boshqaruvidagi 762- “Toshkent — Buxoro” yo‘nalishidagi “Afrosiyob” tezyurar poezdining yo‘nalish bo‘yicha chap tomonidan 4-vagonning 3-oynasiga muz bo‘lagi otilgan va sindirilgan. Bu voqeaga sababchi bo‘lgan bolakay Sunnatbek Ulug‘bekov 2014-yil 1-noyabrda tug‘ilgan.
U Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Jambul” mahallasi Vokzaloldi ko‘chasi 96-uyda, ota-onasi qaramog‘ida yashaydi. Bolakayning sho‘xligi ortidan vagonning oynasi yaroqsiz holga keltirilgan. Ammo gap bu yerda tartibsizlik, temiryo‘l yo‘lovchilari uchun o‘zi bilmagan tarzda xavf tug‘dirish holati sodir etilganidir.
Surishtiruv davomida S.Ulug‘bekovning onasi Mahliyo Hamroqulova farzandini qarovsiz qoldirgani uchun pushaymon ekanini bildirdi. U o‘z vaqtida temiryo‘llarda ogoh bo‘lib yurish, transport vositalariga shikast yetkazish taqiqlangani borasida tushuntirish ishlari olib bormaganidan afsuslandi.
Hozir S.D.Ulug‘bekov voyaga yetmagani hamda yetkazilgan zarar miqdori jinoyat tarkibini bermagani sababli, jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilib, onasi M.A.Hamroqulovaning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 47-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik, ya’ni “Ota-onalar voyaga yetmagan bolalarini ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga olib kelishi” mavjudligi bois, shu modda bilan javobgarlikka tortish choralari ko‘rildi.
O‘g‘il-qizlarga tarbiya bolalikdan beriladi. Ularni qarovsiz qoldirish yoki kichik xatolariga yuzaki qarash mumkin emas. Temiryo‘llar mavjud hududlarda yashovchi aholidan farzandlarining ma’muriy huquqbuzarliklar sodir qilishining oldini olish borasida tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishini so‘rab qolamiz.
Jahongir QO‘CHQOROV,
Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi Surishtiruv bo‘linmasi boshlig‘i, podpolkovnik