Xontaxta tagidagi kitob...
Ikki do‘st uchrashib qolsa, esda qolib ketgan qiziqarli hangomalar boshlanadi. Diydorlashuvga ne yetsin? Suhbatning keti uzilmaydi, gap gapga, fikr fikrga ulanadi.
Agar uchrashuv tasodifiy emas, balki taklifga muvofiq bo‘lsa, uning imkoniyati yanada keng. Shoshib-pishib emas, bemalol suhbatlashasan. Sinfdosh ayollardan biri uyiga taklif qilganida, to‘g‘risi, juda mamnun bo‘ldim. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, yugur-yugurdan ortib, bir-birimiz bilan ko‘risholmaymiz.
To‘kin dasturxon atrofida suhbat “qo‘r” olib borardi. Sobiq sinfdoshlar oyoqlarini goh xontaxta ostiga uzatishar, goh yostiqqa suyanib, diydor zavqini tuyishardi. Xontaxtani balandlatish yoki ikkisini baravarlash uchun qo‘yilgan kitoblarga ko‘zim tushdi-yu, yuragim orqasiga tortib ketdi. Bu qanday fojia? Yon tarafidan o‘qib ko‘rsam, bittasi Abdulla Qodiriyning “Obid ketmon”, ikkinchisi Shota Rustavelining mashhur “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” asarlari ekan. Bu ko‘rgulik yana qaysi kitoblarning boshiga tushgan, xontaxtaning qolgan oyoqlarini ko‘ra olmadim.
Dilimga g‘ashlik cho‘kdi. Mehmonlik izzatiga ko‘ra, tishimni tishimga qo‘yib o‘tirishga majbur bo‘ldim. Shu darajada ma’naviy ko‘rmi sinfdoshim? Axir, eng noyob va mashhur asarlarni shu tarzda “ekspluatatsiya” qilish adolatsizlik emasmi? Bolalik damlarimda meni sehr-u joziba olamiga olib kirgan har ikki asarning o‘rni kitob javonida emasligidan juda afsuslandim. Bir daf’a kitobni asrab-avaylash, uni muqaddas bilishdek qadriyatlar ko‘z o‘ngimda jonlandi...
Chaqaloq dunyoga kelsa, yostig‘i tagiga muqaddas kitobni qo‘yib belashgan. Go‘dakning tirnog‘ini ilk marta olayotgan onaxonlar tabarruk kitob – Qur’oni karimga tekizib olishardi.. Ana shu ilohiy kitobni oppoq chitga o‘rab, chang-g‘ubordan asrash uchun baland tokchada asragan bobo-momolarimizga havas bilan qaraganmiz.
Onam ziyoli, Namangan tumanining Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘idagi 8-umumta’lim maktabida ona tili va adabiyotdan dars beradigan muallima edi. Bizga volidayi muhtaramam qanchadan qancha tafakkur durdonalarini sovg‘a qilgan, hisobini aytib berolmayman hattoki. “Kitob o‘qisang, dunyoqarashing kengayadi, hayotda qoqilmaysan, jamiyatda o‘z o‘rningni topib olasan”, deya har gal qulog‘imizga quyardi onam.
Maktab uyimizga uzoqroq bo‘lgani bois, otam velosipediga mingashtirib olardi. Manzilga yetguncha u kishi men yod olgan Alisher Navoiy ruboiylarini tinglab ketgan. Rus adabiyoti darg‘alari – A.S.Pushkin, I.A. Krilov, A.P.Chexov, M.Y.Lermontov asarlari haqida menga o‘z taassurotlarini so‘zlab bergan padari buzrukvorimdan hali-hanuz minnatdorman.
Yillar o‘tib, kitob o‘rnini zamonaviy texnologiyalar egallab olganini oqlash kerakmi yoki qoralash? Nahotki axborot asri, globallashgan jamiyat kitobdek buyuk mo‘jizaning kuch-qudratini inkor qilayotgan bo‘lsa? Yo‘q, deydi menga ichki bir sado. Kitob “o‘lmasligi”, kitobxonlik “tirilishi” kerak.
...Davra “quyuqlashib” borardi. Suhbat mavzusi nima bo‘ldi, deysizmi? So‘nggi rusumdagi qo‘l telefonlari, kreditga olish mumkin bo‘lgan maishiy texnika vositalari, kundalik taomnoma, hozir urfga kirib borayotgan turli liboslar... Sinfdoshlarimning birortasi kitobxonlik, gazetxonlik haqida so‘zlamasdi. Shu darajada moddiylikni ustun qo‘yib, ma’naviy inqirozga yuz tutdikmi?
Bu davrada ortiq qolgim kelmadi. Uzr so‘rab, o‘rnimdan turdim.
Feruza MAMASOBITOVA, Yunusobod tumanidagi 274-maktab o‘qituvchisi