Navro‘z — xalq ardog‘idagi ayyom
Navro‘z — tinchlik, birdamlik, do‘stlik, mehr-oqibat bayrami. Bu bayram xalqimizning tarixi, azaliy qadriyatlari, urf-odatlari, tushuncha va tasavvurlarini o‘zida mujassam etgan, millat bilan ulg‘ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan bayram. Navro‘z qadim-qadimdan buyon elimiz ardoqlab, ulug‘lab kelayotgan ayyom. Har yili Navro‘zni zo‘r tantanalar bilan nishonlaymiz. Har gal uning yangidan-yangi qirralarini, ochilmagan sir-sinoatlarini kashf etib boraveramiz. Bu bayram har bir yurtdoshimiz qalbiga bahordek iliqlik, ko‘ngillarga quvonch olib keladi. Shuningdek, uni nishonlash bilan bog‘liq jarayonlar, bayramoldi uyushtiriladigan marosimlar-u turli tadbirlar barchamizning xotiramizda qolgani aniq. Ayniqsa, o‘quvchilari kabi Navro‘zni yaxshi ko‘ruvchi, ular kabi intiqlik bilan kutuvchi o‘qituvchilar hayotida, ish-faoliyatida sevimli bayramimiz bilan bog‘liq xotiralar juda ko‘p. Keling, ularning o‘ziga xos fikrlari bilan tanishsak.
Darveshona xayr-u ehson marosimi
Laylo RO‘ZMETOVA, Urganch tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— Darveshona ― Navro‘z arafasida tashkil etiladigan an’anaviy marosimlardan biri bo‘lib, yurtimizning ko‘plab hududlarida uzoq yillardan buyon o‘tkazib kelinadi. Aslida bu so‘z “davr shodiyona”, “shodiyona davr” ma’nosida deyishadi. Lekin “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “Darveshona ― darveshlarga xos, darveshlarnikiga o‘xshagan” deya izohlanadi.
Mazkur marosimda qishloqning yosh-u qarisi yig‘ilib, katta yo‘l, daryo yoqasi yoki masjid atrofida doshqozon qurib, ovqat pishiradi. Taom qishloq ahlining ko‘nglidan chiqarib bergan pul yoki mahsulotlari asosida tayyorlanib, o‘sha yerning o‘zida yeyilgan. Bu ehson taomi bo‘lgani uchun yo‘ldan o‘tayotgan darvesh, qalandar, yo‘lovchi-yu sayyohlarga ham tortiq qilingan. Shu sababdan ham “darveshona” deyilgan bo‘lsa ajab emas. Marosim uchun halim, go‘ja yoki yorma, moshova kabi to‘qtutar taomlar tanlangan. Asrlar osha davrga moslashib borgan. Hozir darveshona uchun tayyorlangan taomni qishloq ahli totadi. Yosh bolali, keksa, nogironi bor xonadonlarga tarqatiladi. Yig‘in so‘ngida el maslahati bo‘ladi. Ya’ni qishloq mol-qo‘yini boqadigan cho‘pon, to‘y-tepchik, ma’raka-marosimlarda xizmat qiladigan “xodim”lar, el oshpazi saylanadi. Shuningdek, Navro‘z bayramini qanday o‘tkazish ham kelishib-kengashib olinadi. O‘tmishda bu marosim yurtimizning ayrim hududlarida yil og‘ir kelib, o‘lim, boshqa kasalliklar ko‘payganda, tabiiy ofatlar tez-tez sodir bo‘lganda o‘tkazilgan bo‘lsa, yana boshqa hududlarda yaxshi niyat bilan balo-ofatlar daf bo‘lishi uchun, boshlayotgan yil serhosil kelishi uchun, elga tinchlik, ekin-tikinga baraka tilab o‘tkazilgan. Hozir ham qishloqlarda darveshona o‘tkazish rasmi bor. Jumladan, Xorazm viloyatining deyarli barcha hududlarida bu odat yashab kelmoqda.
“Qozonto‘ldi” marosimi
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Bizda Navro‘zdan bir kun oldin “Qozonto‘ldi” udumi o‘tkaziladi. Hamma uyida qozonlarini to‘ldirib, turli-tuman ovqatlar tayyorlaydi. Ko‘pchilik tuxumbarak, bo‘g‘irsoq, somsa kabi bahoriy taomlar pishiradi. Qariyalar, hech bo‘lmasa, uydagi hamma idishlarni suvga to‘ldirish lozimligini aytishadi, toki kelgusi Navro‘zgacha qozonlar to‘lib, qaynab turishi niyat qilinadi. Tayyorlangan pishiriqlar-u ovqatlar yaqinlarga, kasalmand, nogiron kishilarga ulashiladi.
Marhumlarning qabrlari obod etilib, ziyorat qilinadi, ruhi poklariga duoyi fotiha o‘qiladi. Navro‘zda yangi kiyim kiyishadi, hech bo‘lmasa, paypoq yangi bo‘lsin deydi. Navro‘zga yetding, omonlikka yetding, deyishadi yoshi ulug‘lar. Qo‘chqor, xo‘roz urishtirish tomoshalari, kurash, baxshilar bellashuvi, sumalak, lola sayillari bo‘lib o‘tadi. Ushbu marosim va sayillar mohiyatan inson hayotini yanada yaxshilash, tabiat mushkulotlarini yengillashtirish, kelayotgan ko‘klam va yangi yilning qut-barakali bo‘lishini Yaratgandan so‘rashga qaratilgan.
Yaxshilik ayyomi
Anvar ESHAYEV, Qo‘shrabot tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— Navro‘z bayrami eng go‘zal bayramdir. Sababi, boshqa bayramlar ko‘proq oila davrasida nishonlansa, bu bayramda xalq bir joyga jamlanadi. Qadimiy urf-odatlar eslanib, ko‘cha va tevarak-atrof tozalanib, yangi nihollar yerga qadaladi, yashil libosga burkanayotgan daraxtlar oqlanib, taglari yumshatiladi. Navro‘z bayrami kuni bizning qishloq aholisi yam-yashil tabiat qo‘ynida gilamlar to‘shab, keksa-yu yosh — hamma bir joyga jamlanadi. Mahalla tomonidan doshqozonda osh qilinib, xalqqa tarqatiladi va har bir xonadon o‘zlari tayyorlagan taomlar bilan chiqishadi. Hamma bir-birini yangilanish, yasharish va tenglik kuni bilan muborakbod etadi. Navro‘z bayramida milliy musobaqalarimizdan kurash, xo‘roz jangi, qo‘chqor urishtirish, varrak uchirish, sport o‘yinlaridan voleybol, futbol, uzunlikka sakrash va boshqa shunga o‘xshash o‘yinlar o‘tkaziladi. Otaxon va onaxonlarimiz yurtimizning tinchligi, xalqimizning to‘qligi va yilimizning qut-barakali kelishini tilab duolar qiladi.
Milliylik timsoli
Shahnoza BERDIQULOVA, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
— Azaliy bayramimiz Navro‘z ba’zi mamlakatlarda o‘ziga xos urf-odatlar bilan kutib olinadi. Masalan, qo‘shni Tojikistonda “kelinchaklar sayli” o‘tkazish odat tusiga kirgan ekan. Unda yangi kelinlar o‘zlari tikkan so‘zanalarni tutgan holda oppoq liboslarda odamlar orasidan marjondek tizilib o‘tishadi. Tomoshabinlar ishtirokchilarni obdon kuzatadi, ularning ishiga baho beradi. Ko‘p olqish olgan kelinlar g‘olib sanalarkan. Bizga ham bu kabi odatlar begona emas. Navro‘z bayramida mahallaning yangi kelinlari salomga olib chiqiladi. Yig‘ilganlar, falonchining kelini ekan deya tanib olishadi. Xotin-qizlar jamoalarga bo‘linib, “Balli, qizlar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazishadi. Unda nafaqat o‘quvchilar, balki talabalar, hunarmand qizlar, biror kasbni tutgan, o‘z yo‘lini topgan qizlar ham ishtirok etadi.
Tanlovlarda qizlarimiz o‘z mahorati — chaqqonligi, epchilligi, so‘zamolligi va bilimdonligini yig‘ilganlarga namoyish etadi: xamir yoyish, olma yoki kartoshka po‘stini yuqa va uzmasdan archish shartlari hamda alla aytish, turli aytishuvlarda o‘zlarini ko‘rsatadi. Yoshi katta onaxonlar qizlarning ishtirokini muhokama qilib, mana bunisini kelin qilamiz, deya kelin saylashadi. Bunday bellashuvlardan so‘ng o‘z baxtini topganlar ham ko‘p. Yigitlarimiz ham milliy sport turlarida musobaqalashib, o‘zlarining nimaga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘yadi. Haqiqatan ham, Navro‘z — milliy urf-odatlarimiz namoyon etiladigan bayram!
“Chalpakmazon” marosimi
Feruza HOSHIMOVA, o‘qituvchi
— Navro‘z bayrami qayerda, qanday nishonlanmasin, insonlarni birlashtirib, mehr-muhabbat rishtalarini mustahkamlashga, milliy qadriyatlarimizning davomiyligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qo‘qondagi mahallamizda Navro‘z oldidan “Chalpakmazon” marosimi o‘tkaziladi. Mahalla ayollari yig‘ilib, juda ko‘p miqdorda chalpak pishirishadi. Issiqqina chalpaklar xonadonlarga, yo‘lovchilarga, mardikor bozori-yu avtoturargohlarga (chalpakka hammaning og‘zi tegishi kerak) tarqatiladi. Chalpak masalliqlari xalfana qilinadi. Har kim qurbi yetgancha hissa qo‘shadi. Bu udum hanuz davom etmoqda. O‘quvchilar esa sinfxonasini bayramona bezaydi. Milliy taomlar, hunarmandchilik namunalari, qadimiy ashyolar ko‘rgazmalari o‘tkaziladi. Eng yaxshi ishlar shahar bog‘ida bo‘lib o‘tadigan bayram tantanalariga tanlab olinadi. Ayniqsa, maktab osmonida suzib yurgan varraklar go‘zal manzara kasb etadi. Shuningdek, osh pishirish, eng uzun soch, do‘ndirak aylantirish musobaqalari o‘tkaziladi.
Tolbargdan jamalak
Dilobar BERDIYEVA, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘qituvchisi:
— Navro‘z bayrami arafasida sochimga tolbargdan jamalak taqishni yaxshi ko‘rardim. Endigina yashillikka enib, barg yozgan tollarning eng chiroyli shoxlarini olib, po‘stini cho‘pidan ajratardik, boshimizning hajmini o‘lchab, bitta chambarak yasaladi, qolganlari asosiysiga ulanadi. Shunday qilib uzun va qalin sochlarimizni u yoqdan bu yoqqa tashlab, bolalarcha yayraymiz. Bu bizga o‘zgacha kayfiyat berardi. Hozir shu davrlarni eslab entikib ketdim. Onam xalq og‘zaki ijodiga qiziqardi. Yaxshigina qo‘shiq aytadi. “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostonini aytsa, maza qilib eshitardik. Opalarimdan biri sariqguldan gulchambar yasab berardi. Hozir onam ukamning qizchasiga shunday narsalar yasab beradilar.
Sumalak yodi
Erkin YARASHEV, Zarafshon shahridagi 13-IDUM o‘qituvchisi:
— Bu voqea 1988-yili “Assalom, rus xalqi”, deb uyg‘onadigan bolalik paytlarimda bo‘lgandi.
O‘shanda biz Navro‘z bayrami haqida eshitgan edig-u, ammo uning kelib chiqishi, qanday bayramligi, nima uchun nishonlash mumkin emasligi haqida bilmasdik. Sumalakni-ku umuman ko‘rmagandik. Katta tanaffusda maktabga kirish eshigi yonidagi supachada yuqori sinf o‘quvchilari konsert uyushtirdi. Doirada, rubobda 2 ta qo‘shiqqa bir qiz raqsga tushgandi. Yuqori sinf o‘quvchilaridan biri sumalak olib keldim sizlarga, dedi-yu, bizga oz-ozdan, choyqoshiqda ulashdi. Shunda bilgandim sumalak nimaligini. Bola emasmanmi... To‘ymadim. Chetda 3 litrli idish to‘la sumalakka ko‘zim tushdi. Hech kim ko‘rmasidan banka to‘la sumalakni ko‘tarib ichibman. O‘sha ta’m haliyam og‘zimda. U opa meni koyimagandi. Aksincha, kechki payt uyimizga bir kosa sumalak olib keldi. Hammadan qizg‘anib, kosadagi sumalakni bankaga solib ko‘tarib ichganman. Bu odatim hozir ham bor.
Sumalak idishini quruq qaytarmaslik, Navro‘z kuni qo‘ni-qo‘shniga bayram taomlaridan tarqatish odati bor.
“Ma’rifat” muxbiri Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.