Muzeylarning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni
O‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida, muzeylarga tashrif dars mashg‘ulotlaridan tashqari vaqtda amalga oshirilmoqda. Eng quvonarlisi, o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otgan bu kabi tadbirlar an`anaga aylanmoqda.
Yangihayot tumanidagi 303-umumta’lim maktabining 6-“A” sinf o‘quvchilari, tarix fani o‘qituvchisi Bobur Foziljonov va sinf rahbari Muhayyo Axmedova rahbarligida poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi hamda Toshkentning Olmazor tumanidagi “G‘alaba bog‘i”ga tashrif buyurdilar.
Temuriylar tarixi Davlat muzeyi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma'rifiy-ma'naviy ishlar borasida yirik tarixiy va madaniy yodgorlik, ilmiy tafakkur markazi hisoblanadi. Muzey eksponatlari juda katta tarixiy qimmatga ega bo‘lib, Temuriylar davri ruhini beradi. Muzeyga qo‘yilgan tilla buyumlar, qurol-aslahalar, lashkarboshi va oddiy jangchilarning kiyim - boshlari, musiqa asboblari, o‘sha davrga xos jihozlar, Amir Temur, Bobur qo‘lyozmalari, Ulug‘bekning astranomik qurilmalari va boshqa madaniy boyliklar shular jumlasidandir.
Go‘zal poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi o‘quvchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Kunning ikkinchi yarmida o‘quvchilar Toshkentning Olmazor tumanidagi noyob yodgorlik bog‘i “G‘alaba bog‘i”ga ham tashrif buyurishdi. Ushbu bog‘ xalqimizning Buyuk g‘alabaga qo‘shgan hissasini aks ettirish bilan, otalarimiz va bobolarimizning fashizmga qarshi kurashdagi qahramonligini abadiylashtiradi. Bog‘ning ekspozitsiyasida front hayoti sahnalari, misoli muzey ichida jonlantirilgan harbiy ofitserlarning manekenlari, okoplar, blindajlar va dala oshxonalari kompozitsiyalari, temir yo‘l vokzali, eski kutubxonalar va yarani bog‘lash punktlari aks ettirilgan.Tashrif davomida o‘quvchilarda o‘z ajdodlarining jasorati va saxovatiga hurmat, faxr hissi uyg‘ondi. Amaliy ko‘rgazmalar, ashyoviy dalillar namoyish etilgan muzeylar bevosita o‘quvchilarning nazariy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
M.AHMEDOVA,
Yangihayot tumanidagi 303-maktabining o‘qituvchisi,
Xalq ta’limi fidoiysi